Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Botoks, filler, mezoterapiya, biorevitalizatsiya: kimga, qachon va nima uchun kerak?
Bugungi kunda go‘zallik tushunchasi butunlay o‘zgaryapti. Endi maqsad yuzni “qotirib qo‘yish”, ortiqcha va baland yonoqlar, “shishirilgan” lablar, sun’iy shakllar yaratish yoki “Instagram filtri”ga o‘xshash qiyofa hosil qilishdan iborat emas: dunyo trendi tabiiylik, teri salomatligi va mimikani saqlashga yo‘nalyapti. Bu borada O‘zbekiston kosmetologiya bozorida ham botoks bilan bir qatorda boshqa turdagi estetik muolajalar qo‘llanyapti. Ushbu maqolada ularning tavsifi, organizmga ta’siri, qanday paytda qo‘llash kerakligi va o‘zaro farqi tahlil qilinadi.
Kosmetologiyada tobora tabiiylik qadrlana boshlayapti. Terini sog‘lom saqlash, mimikani yo‘qotmagan holda yosh ko‘rinish va tabiiy chiroyni asrab qolishga qaratilgan protseduralar shakli o‘zgaryapti. Shu jarayonda eng keng qo‘llanayotgan uch muolaja botoks, filler va mezoterapiyadir. Ularning har biri o‘ziga xos ta’sir mexanizmi va qo‘llanish maqsadiga ega bo‘lib, to‘g‘ri tanlanganda yuz chizgilarini tabiiy ravishda jonlantirishga hissa qo‘shadi.
Botoks (botulinum toxin)
Mimik ajinlar bilan kurashishda qo‘llanadigan eng mashhur muolajalardan biri. U mushaklarga boradigan signalni vaqtincha to‘xtatadi, natijada ular ortiqcha qisqarmaydi va peshona hamda ko‘z atrofidagi ajinlar yumshaydi, yuz yanada silliq ko‘rinadi. Mazkur protsedura yuz mushaklariga “dam” berib, charchoq ta’sirini kamaytiradi. To‘g‘ri doza, ya’ni me’yordagi botoks yuzni “qotirib qo‘ymaydi”, aksincha, tabiiy mimikani saqlagan holda yuzdagi keskin o‘zgarishlar va charchoqni kamaytiradi. Odatda, 25 yoshdan boshlab profilaktik maqsadda qo‘llanadi, negaki erta boshlangan kosmetologik yondashuv kelajak yillardagi chuqur ajinlarning oldini oladi.
Filler
To‘qimalarga hajm va shakl beruvchi, jyel ko‘rinishidagi modda bo‘lib, gialuron kislota asosida tayyorlanadi. Uning vazifasi yuz qismini kattalashtirish emas, yo‘qolgan hajmni tiklash, yuzning tabiiy konturini qayta shakllantirish va simmetriyani yaxshilash hisoblanadi. Filler lab, yonoq, jag‘ chizig‘i, burun shaklini korreksiyalash yoki ko‘z osti chuqurligini kamaytirishda ishlatiladi. To‘g‘ri bajarilgan filler muolajalasi natijasi boshqalarga sezilmaydi: odam shunchaki sog‘lomroq, tetikroq ko‘rinadi. Mazkur protsedura 21 yoshdan keyin zarurat bo‘lganda amalga oshiriladi.
Mezoterapiya
Teri o‘rta qatlami (mezoderma)ga kichik dozalarda vitamin, aminokislota, minerallar, gialuron kislotasi va boshqa foydali moddalarni yuborish muolajasi. Oddiy qilib aytganda, mezoterapiya teri uchun “vitamin ukoli” hisoblanadi. Bu usul terining rangini yaxshilaydi, sarg‘ayishni kamaytiradi, mayda ajinlarni yumshatadi, elastiklikni oshiradi va qon aylanishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, mezoterapiya soch to‘kilishi, bosh terisi muammolari va yengil pigmentatsiya holatlarida ham foydalidir. Mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra, bir nechta seansda (3–6 marta) amalga oshiriladi va natija bosqichma-bosqich seziladi.
Biorevitalizatsiya
Terini chuqur namlash va regeneratsiya qilishga qaratilgan muolaja bo‘lib, gialuron kislotasi eritmasi orqali bajariladi. Uning asosiy vazifasi terini ichkaridan oziqlantirish, elastiklikni oshirish, yaltiratish va mayda ajinlarni yumshatishdan iborat. Biorevitalizatsiya terining tabiiy yangilanish jarayonini rag‘batlantiradi va yuzga sog‘lom, tetik ko‘rinish beradi.
Mezoterapiya ham, biorevitalizatsiya ham 20–25 yoshdan boshlab tavsiya etiladi. Sababi, bu yoshdan terining namlik darajasi va elastikligi asta-sekin kamayadi, shuning uchun profilaktik va tiklovchi muolajalar ayni muddao hisoblanadi.
Qo‘llanishi
Holat
Muolaja
Texnika
Mimika ajinlari
Botoks
Mushakni bo‘shatish
Yuz hajmi yetishmasligi
Filler
To‘qimaga hajm qo‘shish
Teri sifati yomonlashishi
Mezoterapiya
Terini oziqlantirish va vitaminlar bilan to‘yintirish
Teri qurib, elastikligi pasayishi yoki mayda ajinlar paydo bo‘lishi
Biorevitalizatsiya
Terini chuqur namlash va tiklash
Ta’sir muddati
Botoks ta’siri 6 oygacha davom etadi, shundan so‘ng mushak faoliyati asta-sekin o‘z holiga qaytadi, ajinlar yana sezila boshlaydi. Yuzdagi natijani saqlash uchun qayta muolaja talab qilinadi.
Fillerning tanada saqlanish muddati 6–18 oy (filler turiga bog‘liq) davom etadi. Natija vaqt o‘tishi bilan pasayadi, yuz konturini saqlash maqsadida qayta muolaja zarur bo‘ladi.
Mezoterapiya ta’siri 1–3 oy davomida seziladi, shu sababli kursli davolash va davriy seanslar olish tavsiya etiladi.
Biorevitalizatsiya samarasi 6–12 oygacha yetadi, yoshlik effektini ushlab turish uchun qayta muolaja kerak bo‘ladi.
Qisqa qilib aytganda, har bir protsedura malum muddatgacha ta’sir ko‘rsatadi, organizm tabiiy jarayonlarga ega bo‘lgani sabab yot moddani vaqt o‘tishi bilan haydab chiqaradi. Natijani saqlash uchun davriy seanslar zarur. Har bir muolaja malakali kosmetolog nazorati ostida, individual ehtiyojga qarab tanlanishi muhim. To‘g‘ri qo‘llanganida ular yuzni sun’iy o‘zgartirish emas, tabiiy go‘zallikni saqlash, terini sog‘lomlashtirish va qarish jarayonini sekinlashtirishga xizmat qiladi.
Nojo‘ya holatlar
Botoks, filler, mezoterapiya va biorevitalizatsiya protseduralari estetik jihatdan samarali bo‘lishiga qaramay, ba’zi nojo‘ya ta’sirlarni yuzaga keltirishi mumkin. Bu kabi holatlar har bir inson organizmining individual xususiyatlari, ineksiya texnikasi va preparat sifati bilan bog‘liq. Preparatlar asosan mahalliy ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun ichki organlarga zarar xavfi minimal hisoblanadi.
Botoksdan keyin bosh og‘rig‘i, ko‘z qovoqlarining tushishi va allergik reaksiyalar kuzatilishi ehtimoli mavjud. Ushbu nojo‘ya ta’sirlar preparatning mushaklar ichiga noto‘g‘ri joylashtirilishi yoki organizmning individual reaksiyasi sababli paydo bo‘ladi.
Fillerlardan foydalanilganda shish, qizarish, og‘riq, qon to‘planishi va allergik reaksiyalar kuzatilishi mumkin. Ba’zan preparat qon tomirni siqib qo‘yadi yoki teri nekrozini hosil qiladi. Mazkur holatlar ineksiya texnikasidagi xatolik, preparat sifatining pastligi yoki bemorning individual organizm reaksiyasi bilan bog‘liq.
Mezoterapiyada qizarish, shish, kichik qon to‘planishi va infeksiya xavfi mavjud. Ushbu aks ta’sirlar mikroinʼeksiya jarayonida sterillik qoidalariga rioya qilinmaganlik, inʼeksiya chuqurligi yoki bemor immun tizimi javobi natijasida paydo bo‘ladi.
Biorevitalizatsiyadan so‘ng qizarish, shish, allergik reaksiyalar va infeksiya kuzatilishi mumkin. Homiladorlik, laktatsiya yoki teri kasalliklari mavjud bo‘lsa, xavf yanada oshadi. Bu holatlar ham preparatning tanaga individual ta’siri, texnik xatolik yoki steril sharoitlarning yetarli emasligi oqibatida kelib chiqadi.
Ehtiyot choralar:
- Protseduralar faqat malakali va sertifikatlangan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi kerak;
- Allergik testlar va sog‘lik tarixini tekshirish muhim;
- Jarayondan oldin va keyin terini tozalash, dezinfeksiya qilish zarur;
- Muolajadan so‘ng quyosh nuridan saqlanish, issiq vannalar va jismoniy faollikni cheklash tavsiya etiladi;
- Agar shish, qizarish yoki og‘riq davom etsa, shifokorga murojaat qilish lozim.
Mutaxassis tanlash bo‘yicha maslahatlar
- Malaka va sertifikatlar: mutaxassis dermatolog, kosmetolog yoki estetik tibbiyot bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lishi kerak. Botoks, filler, mezoterapiya va biorevitalizatsiya bo‘yicha maxsus kurslar va amaliy tajriba bor bo‘lishi ham muhim.
- Tajriba: protsedurani qancha yildan beri amalga oshirayotgani, avvalgi bemorlar natijalari va sharhlari bilan tanishish lozim.
- Sterillik va xavfsizlik sharoiti: klinikada toza va steril muhit ta’minlangan bo‘lishi, ishlatiladigan asbob-uskunalar va preparatlar sifatli va sertifikatlangan bo‘lishi zarur. Aks holda bakterial, virusli yoki zamburug‘li infeksiyalar yuqib qolishi mumkin.
- Konsultatsiya va maslahat: protseduradan oldin shaxsiy konsultatsiya o‘tkazilishi, bemorning sog‘lik holati, allergiyalar, surunkali kasalliklar va kontraindikatsiyalar muhokama qilinishi kerak;
- Javobgarlik va shaffoflik: mutaxassis sizni protsedura jarayoni, xavflari va natijasi haqida to‘liq xabardor qilishi, nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelganda qanday chora ko‘rilishi haqida ma’lumot berishi lozim.
Diyoraxon Nabijonova