Ukraina dronlari 16-avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning 16 regioni va Qrimga hujum qildi. Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari jami 822 ta dronni to‘xtatgan.

Rostov oblastida hujum oqibatida besh kishi halok bo‘lgan. Region rahbari Yuriy Slyusarning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari oblastning uchta shahri va to‘qqizta rayonida 150 dan ortiq dronlar va raketalarni urib tushirgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Rostov oblastining Kamensk-Shaxtinskiy shahrida «Kamenskiy» kombinatiga zarba berilganini ma’lum qildi – bu Rossiya mudofaa-sanoat kompleksining «Uragan», «Smerch» va «Tornado-S» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, shuningdek, boshqa qator raketa tizimlari hamda aviatsiya vositalari uchun qattiq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi korxonadir.

Poytaxt meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, 15-avgust kuni kechqurundan 16-avgust kuni tonga qadar 600 ta dron Moskva regioni yo‘nalishida uchirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 201 ta dron Moskva oblasti hududida urib tushirilgan. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari Domodedovo, Podolsk, Stupino, Odinsovo, Naro-Fominsk, Ramensk, Chexov, Kolomna, Kashir va Yegorevskda 187 ta dronni to‘xtatganini ma’lum qilgan.

Podolskda dron kelib urilishi oqibatida Wildberries’ning «Koledino» sanoat parkidagi ombori yonib ketgan. Bu kompleksga kamida ikkinchi bor hujum qilinmoqda. Oldingi hujum 20-iyul kuni ro‘y bergandi. O‘shanda kompaniya ishchilar orasida jabrlanganlar yo‘qligi, kompleks esa odatiy rejimda ishlashda davom etayotganini ma’lum qilgandi. Endi esa kompaniya matbuot xizmati xabarida ob’yektdagi yong‘in tufayli logistik zanjir qaytadan tuzib chiqilgani aytilgan.

Ukrainadagi monitoring kanallar ombordagi yong‘in ko‘lami va ko‘tarilgan quyuq tutun aks etgan videolarni e’lon qilgan. Ukraina mudofaa vazirligi mamlakat qurolli kuchlari Wildberries’ning eng yirik 10 ta logistik markazlaridan yettitasini safdan chiqargani, Koledinodagi ombor esa maydoni kattaligi bo‘yicha eng yirigi bo‘lganini (250 ming metr kvadrat) ma’lum qilgan. «Agentstvo» nashri ham iyul oyida Elektrostaldagi kompleks yonib ketganidan keyin Koledinodagi ombor Wildberries’ning eng yirik logistik markazi bo‘lib turganini yozgandi.

Elektr uzatish liniyalari shikastlanishi oqibatida Podolsk okrugidagi sakkizta aholi yashash manzilida 110 ta xususiy uy elektrsiz qolgan.

Domodedovoda ukrain dronlari hujumidan keyin dori-darmonlar saqlanadigan omborda yong‘in chiqqan. Okrug rahbari Yevgeniya Xrustaleva yong‘in qurshab olingani, ammo 56 ming metr kvadrat maydondagi ombor vayron bo‘lganini ma’lum qilgan.