Moskvadagi Ozarboyjon diasporasi rahbari Baxtiyor Gasanov Rossiyadan deportatsiya qilindi. Bu haqda Ozarboyjonning APA agentligi xabar bermoqda.
Gasanov 2025-yilda Rossiya fuqaroligidan mahrum etilgandi. Iyun oyida Gasanov qo‘lga olinib, Migrantlarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.
17-avgust kuni Ozarboyjon uch nafar rossiyalik - Rossiya Transport vazirligi rahbari maslahatchisi Aleksey Chadayev, «Moskva 24» telekanali boshlovchisi Ivan Knyazev va siyosiy maslahatchi Semyon Uralovni sirtdan hibsga oldi hamda qidiruvga berdi. Ular YouTube’dagi Ozarboyjonga bag‘ishlangan ko‘rsatuvdagi fikrlari sababli «adovat qo‘zg‘atish» va «terrorchilikka da’vat qilish»da ayblangan.
Ozarboyjon va Rossiya rasmiylari 2025-yilning yozida Rossiya Federatsiyasi hududida Ozarboyjon diasporalari vakillariga qarshi ommaviy reydlar o‘tkazilganidan buyon bir-birlarining fuqarolarini o‘zaro ta’qib qilib kelmoqda. Ozarboyjon ham, o‘z navbatida, Rossiya targ‘ibot ommaviy axborot vositalarining bir necha xodimini hamda 11 nafar tasodifiy rossiyalikni - sayyohlar va relokantlarni hibsga olgan. OAV xodimlari bir necha oydan so‘ng qo‘yib yuborilgan, qolganlar esa real qamoq muddatlariga hukm qilingan.









