1-qoida. Chegirma so‘rang, qalbingizda g‘ashlik qolmasin!
Ba’zan xaridorlarda savdodan so‘ng “Qimmatga olib qo‘ydim, chegirma so‘rasam bo‘lar ekan” degan hayol o‘tadi. Ko‘p vaziyatlarda narxni tushirish uchun shunchaki so‘rashning o‘zi kifoya. Agar chegirma berish sotuvchi ixtiyorida bo‘lsa, u mamnuniyat bilan bunga rozi bo‘ladi.
Chegirma so‘rashdan hech qachon uyalmaslik kerak - bozorda, do‘konda, biror xizmatdan foydalanganda, hatto restoranda ham so‘rashingiz mumkin. Buni o‘yin deb tasavvur qilib “yutqazsangiz” ham, shunchaki odatdagi narxda to‘lov qilasiz xolos.
Chegirmani noodatiy tarzda so‘rang, masalan:
“Sizlarda chegirma bormi?” o‘rniga “Sizlarda doimiy mijozlar uchun qanday chegirmalar bor?” deb ko‘ring. Yoki “Arzonroq bo‘ladimi?” o‘rniga “Narxini ozroq yumshatish mumkinmi?” jumlasidan foydalaning.
2-qoida. Qo‘shimcha qiymat oling
Savdolashish faqat narxni tushirish emas. Ba’zan qo‘shimcha qiymat olish (bepul yetkazib berish, kafolat muddatini uzaytirish yoki boshqa) ham foydali. Agar sotuvchi narxni pasaytirishga ikkilanayotgani yoki vakolati yo‘qligini sezsangiz qo‘shimcha imtiyoz so‘rash uchun ideal payt bo‘ladi.
Misol uchun: “Agar aytayotgan narxingizga bepul yetkazib berishni qo‘shsangiz, so‘zsiz rozi bo‘lardim!”
3-qoida. Menejyer bilan gaplashing
Yana bir muhim holat, ko‘pincha sotuvchilarning chegirma qilmasliklari ularning shunchaki hohlamaganliklaridan emas, balki unga ruxsatlari yo‘qligidan bo‘ladi. Shuning uchun bunday vaziyatlarda qaror qabul qiluvchi odam bilan gaplashishga harakat qiling.
Biroq sotuvchilar rahbarlarini bezovta qilishni va o‘zlari ham “bezovtalanish”ni xohlamaydilar. Shuning uchun vaziyatdan chiqishga urinadilar.
Sizning vazifangiz ularni o‘zingizning ittifoqdoshingizga aylantirish. Masalan:
“Agar rahbaringizni telefon raqamini bersangiz juda katta foydangiz tegardi” deb aytishning o‘zi kifoya.
4-qoida. Chegirmani naqd orqali oling
Ko‘plab savdo jarayonlarida naqd pul hali ham qadrlanadi. Chunki naqd to‘lov biznes uchun tezroq aylanma mablag‘ va barqarorlikni ta’minlaydi. Agar siz xaridor sifatida “naqd uchun narx”ni so‘rasangiz, ko‘pincha chegirma olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu har ikki tomon uchun foydali: siz arzonroq olasiz, ular esa darhol pul oladi.










