O‘zbekiston | 09:26 / 02.12.2025
1333
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi oliy ta’limni baholashning yangi indikatorlarini tasdiqladi

Adliya vazirligi “Oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni tasdiqlash haqida”gi buyruqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Endi oliy ta’lim dasturlari 6 yo‘nalish va 31 mezon doirasidagi 190 ta indikator asosida baholanadi.

Foto: Adliya vazirligi

Adliya vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni tasdiqlash haqida”gi buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3716, 2025 yil 1 dekabr).

Unga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish jarayonida 6 ta yo‘nalish doirasidagi 31 ta mezon bo‘yicha 190 ta indikator qo‘llaniladi.

Shulardan:

  • 8 ta (4,2 foiz) majburiy indikator – mas’ul tarkibiy tuzilmani tashkil etishning aniq rejasi mavjudligi, talabalar soniga mos o‘quv xonalari bilan ta’minlanganlik va boshqa muhim talablar;
  • 182 ta (95,8 foiz) umumiy indikator – fan mazmuniga mos xorijiy adabiyotlardan foydalanish, talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish, qabul parametrlarini belgilashda axborot-resurs markazi imkoniyatlarini inobatga olish kabi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi.

Barcha indikatorlar «muvofiq» yoki «muvofiq emas» tarzida baholanadi. Bunda:

  • indikatorlarning 50 foizgacha «muvofiq» bo‘lsa – mezon «muvofiq emas»;
  • 50 foizdan 70 foizgacha «muvofiq» bo‘lsa – mezon «qisman muvofiq»;
  • 70 foiz va undan ortiq «muvofiq» bo‘lsa – mezon «muvofiq» deb topiladi.

Shu bilan birga, agar majburiy indikatorlardan birortasi “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijalardan qat’i nazar, tegishli mezon «muvofiq emas» deb e’tirof etilishi belgilangan. Bu esa oliy ta’lim sifatiga qo‘yilayotgan talablar yanada qat’iylashtirilayotganini anglatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid