Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlaridagi natijalari yaxshilangan.

Xususan, bitiruvchilarning test sinovlaridagi sifat koʻrsatkichlari oʻtgan yilga nisbatan 11 ballga oshgan.

Hududlar kesimida test sinovlarida toʻplangan oʻrtacha ball boʻyicha Navoiy viloyati eng yuqori natijani qayd etgan. Viloyat maktablari bitiruvchilarining oʻrtacha natijasi 112,8 ballni tashkil qilgan.

Shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan maktab bitiruvchilari soni soʻnggi uch yil davomida 3,5 foizga oshgan.

OTMga kirish boʻyicha Navoiy viloyati yetakchi

Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi boʻyicha ham Navoiy viloyati birinchi oʻrinni egallagan.

Navoiy viloyati maktablari bitiruvchilarining 52,5 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan.

Keyingi oʻrinlarni Buxoro va Jizzax viloyatlari egallagan. Buxoro viloyatida bu koʻrsatkich 37,9 foizni, Jizzax viloyatida esa 35,9 foizni tashkil etgan.

Yana bir sezilarli oʻzgarish maksimal natija qayd etgan bitiruvchilar sonida kuzatilgan.

Joriy yilda 4 825 nafar maktab bitiruvchisi test sinovlarida eng yuqori - 189 ballni qoʻlga kiritgan. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan 8 barobar koʻp.

2026-2027 oʻquv yili qabuli uchun abituriyentlarga jami beshta fan boʻyicha 90 ta test topshirigʻi berilgan boʻlib, ulardan toʻplash mumkin boʻlgan maksimal natija 189 ball etib belgilangan.