O‘zbekiston | 08:57 / 02.12.2025
1639
2 daqiqa o‘qiladi

Kasbiy ta’lim dasturlari 6 yo‘nalish va 31 mezon asosida baholanadi

Adliya vazirligi «Kasbiy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni tasdiqlash haqida»gi buyruqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi tartibga ko‘ra, kasbiy ta’lim dasturlari 6 yo‘nalish bo‘yicha 31 mezon doirasidagi 163 ta indikator asosida baholanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Adliya vazirligi tomonidan “Kasbiy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni tasdiqlash haqida”gi buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami 3717, 2025 yil 1 dekabr).

Idoraviy hujjatga muvofiq, kasbiy ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda 6 ta yo‘nalish doirasidagi 31 ta mezon bo‘yicha 163 ta indikator qo‘llanadi.

Yangi tizimda:

  • 8 ta (4,9 foiz) majburiy indikator – masalan, mas’ul tarkibiy tuzilmani tashkil etishning aniq rejasi mavjudligi, talabalar kontingentidan kelib chiqqan holda o‘quv xonalari bilan ta’minlanganlik va boshqalar;
  • 155 ta (95,1 foiz) umumiy indikator – fan mazmuniga mos xorijiy adabiyotlardan foydalanish, talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish, sport zali yoki sport maydonchalar mavjudligi kabilarni o‘z ichiga oladi.

Barcha indikatorlar «muvofiq» yoki «muvofiq emas» tarzida baholanadi. Bunda:

  • indikatorlarning 50 foizgacha «muvofiq» deb baholansa – mezon «muvofiq emas»;
  • 50 foizdan 60 foizgacha «muvofiq» bo‘lsa – «qisman muvofiq»;
  • 60 foiz va undan ortiq «muvofiq» bo‘lsa – mezon «muvofiq» deb topiladi.

Eng muhimi, agar majburiy indikatorlardan biri “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijalardan qat’i nazar, tegishli mezon «muvofiq emas» deb hisoblanadi. Bu esa kasbiy ta’lim sifatiga qo‘yilayotgan asosiy talablar qat’iyligini yanada oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid