Özbekiston Içki işlar vazirligining ozodlikdan mahrum qiliş turidagi jazoni ijro etiş muassasalari içki tartib qoidalariga özgartiriş kiritiş loyihasi tayyorlandi.
Loyihaga köra, mahkumlar va ularning yaqinlari ruxsat etilgan mahsulotlarni jazoni ijro etiş muassasasi içidagi infokiosklar yoki muassasadan taşqaridagi elektron platformalar - sayt va mobil ilovalar orqali onlayn xarid qilişi mumkin böladi. Anʼanaviy posilka va yöqlov şakli ham saqlab qolinadi.
Belgilangan miqdordan ortiq, ammo taqiqlanmagan narsa va buyumlar muassasa omborxonasida saqlanadi. Zarur hollarda ular mahkumning arizasi asosida beriladi. Mahsulotlarning ruxsat etilgan turlari hamda qadoqlaş talablariga rioya etilişi jazoni ijro etiş muassasasi tomonidan nazorat qilinadi.
Yana bir muhim özgariş manzil-koloniyalarda jazo ötayotgan mahkumlarga taalluqli. Loyihaga köra, ularning mahsulot sotib olişi va yonida saqlaşi uçun belgilangan vazn va miqdor böyiça oylik limitlar tatbiq etilmaydi.
Hujjat bilan mahkumlar sotib olişi va yonida saqlaşi taqiqlanmagan mahsulotlar hamda buyumlarning yangi röyxati ham taklif qilinmoqda. U 24 ta yönalişdagi mahsulot va buyumlarni qamrab oladi.
Xususan, röyxatdan non va un mahsulotlari, tuzlangan va dudlangan baliq, sut va pişloq mahsulotlari, quruq qandolat mahsulotlari, çoy va qahva, sabzavot va mevalar, konservalar, ziravor va souslar, tez tayyorlanadigan mahsulotlar, içimlik va şarbatlar hamda kolbasa mahsulotlari örin olgan.
Bundan taşqari, kanselyariya va xöjalik mollari, şaxsiy gigiyena vositalari, maişiy kimyo va tozalaş vositalari, kiyim-keçak, körpa-töşak, poyabzal kabi buyumlarni ham sotib oliş va saqlaş nazarda tutilgan.
Röyxatga ruxsat etilgan badiiy, publitsistik, ilmiy-ommabop va diniy adabiyotlar, darsliklar, gazeta-jurnallar, joynamoz va tasbeh ham kiritilgan. Şuningdek, mahkumlarga bir komplektdan şaxmat, şaşka, domino va narda saqlaşga ruxsat beriş közda tutilmoqda.
Hujjatda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlaridan kelib çiqib, jazoni ijro etiş muassasalari hamda manzil-koloniyalarda ayrim ruxsat etilgan mahsulotlarga mavsumiy çeklovlar örnatilişi ham qayd etilgan.
Hujjat hozirça loyiha hisoblanadi. Şu sababli undagi tartib va röyxatlar yakuniy qabul qilinişi jarayonida özgarişi mumkin.
















