25-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida amerikalik qonun chiqaruvchilar Oʻzbekiston prezidenti va xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Ikki tomonlama munosabatlarda ijobiy surʼat kuzatilayotgani, siyosiy muloqot yuqori darajada ekani, oʻzaro aloqalar va tashriflar faollashgani qayd etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va AQSH yetakchilarining yaqinda boʻlib oʻtgan telefon muloqotida strategik sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olingani taʼkidlandi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Maʼlum qilinishicha, joriy yil boshidan Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 20 foizga oshgan.

Ayni paytda energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xoʻjaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida yirik loyihalarni boshlash va amalga oshirishni nazarda tutuvchi uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalasini ham muhokama qildi. Oʻzbekiston AQSH delegatsiyasi aʼzolari vakillik qilayotgan Missuri, Shimoliy Karolina, Texas va Gavayi shtatlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va AQSH ishbilarmonlik missiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.