O‘zbekiston | 11:00 / 27.01.2026
1910
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

ABA Uzbekistan: 2025 yil yakunlari, 2026 yilda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari

23 yanvar kuni O‘zbekiston avtomobil biznesi assotsiatsiyasi (ABA Uzbekistan) 2025 yil yakunlari hamda mamlakat avtomobil bozorining kelajagini muhokama qilishga bag‘ishlangan tarmoq tadbirini o‘tkazdi. Uchrashuvda avtomobil ishlab chiqaruvchilar, dilerlar, assotsiatsiya hamkorlari, shuningdek, tegishli ommaviy axborot vositalari va avtomobil sanoati ekspertlari ishtirok etdi.

Foto: ABA Uzbekistan

O‘tgan yil ABA Uzbekistan uchun bozorga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan amaliy masalalar ustida faol ishlash davri bo‘ldi. Assotsiatsiya avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlar tartibini takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi, eskirgan avtomobillarni utilizatsiya qilish bo‘yicha TRADE-PULL dasturini targ‘ib qilib kelmoqda, shuningdek, ekologik tashabbuslarni, jumladan, «TOZA HAVO» loyihasini rivojlantirishda ishtirok etmoqda. Parallel ravishda xalqaro hamkorlar — Xitoy, MDH va Yevropa davlatlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning tajribasi o‘rganildi hamda amaliyotga joriy etish uchun moslashtirildi.

Tadbirda assotsiatsiya raisi Shuhrat Yusupov kirish so‘zi bilan chiqish qilib, bugungi kunda avtomobil sanoati duch kelayotgan asosiy muammolarni qayd etdi:

«Bugungi kunda butun dunyoda avtomobilsozlik sanoati ma’lum darajada oldindan aytib bo‘lmaydigan va biznes yuritishning tez o‘zgaruvchan sharoitida faoliyat yuritmoqda. Biz ta’minot zanjirlari va investitsiya qarorlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan global iqtisodiy va siyosiy xatarlar, sanksiyalar va tarif urushlariga duch kelmoqdamiz. Shu bilan birga, avtokreditlash hajmining oshib borishi bank tizimi uchun qo‘shimcha xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu omillar tarmoqdan puxta o‘ylangan, biroq kechiktirib bo‘lmaydigan qarorlar qabul qilishni, shuningdek, davlat va biznes o‘rtasida muntazam muloqot va birgalikdagi harakatlarni talab qiladi», — deya ta’kidladi u.

Tahliliy blok doirasida BCG ekspertlari yaqin yillarda O‘zbekiston avtomobil bozorini shakllantiradigan asosiy tendensiyalarni ajratib ko‘rsatdilar. Ular orasida — modellar turkumining kengayishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari tufayli elektromobillarga bo‘lgan talabning barqaror o‘sishi; iste’molchilar afzalliklarining eng universal segment sifatida krossoverlar tomon og‘ishi; shuningdek, Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining narx raqobati, faol mahalliylashtirish va mahsulot turkumini tezkor yangilashni o‘z ichiga olgan agressiv rivojlanish strategiyasi qayd etildi. Alvarez & Marsal (A&M) vakillari esa O‘zbekistonning 2026–2028 yillarda JSTga qo‘shilishi doirasida biznes samaradorligini oshirish bo‘yicha yondashuvlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Mamlakat avtomobilsozlik sanoatidagi yutuqlarning ilk rasmiy e’tirofi bo‘lgan taqdirlash marosimi tadbirning alohida ahamiyatli qismiga aylandi. Uning doirasida «Eng yaxshi avtobloger», «Eng yaxshi avtonashr», «Ishonchli hamkor», «Sotuv bo‘yicha yetakchi», «Eng yaxshi tarmoq tadbiri» kabi muhim nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar topshirildi.

Tadbir norasmiy, biroq fikr almashish va tarmoq bozori ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi mazmunli muloqot maydoniga aylandi. Ishtirokchilar bunday uchrashuvlar nafaqat natijalarni sarhisob qilish, balki yaqin kelajakda O‘zbekiston avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirish imkonini berishiga alohida urg‘u berdilar.

Sayt | Telegram | Instagram | YouTube

Reklama huquqi asosida