2004 yil noyabrdan 2008 yil oktyabrgacha savdo bo‘yicha yevrokomissar, 2025 yil fevraldan sentabrgacha esa Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi bo‘lgan Piter Mandelson hokimiyatdagi Leyboristlar partiyasi safini tark etdi. Bunga sabab sifatida, e’lon qilingan “Epshteyn fayllari”da uning go‘yo amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyndan 75 ming dollar olgani haqidagi ma’lumotlar keltirildi, deb xabar berdi The Guardian gazetasi yakshanba, 1 fevral kuni.
Leyboristlar partiyasining bosh kotibi Xolli Ridliga yo‘llagan maktubida Mandelson Epshteyndan pul olgani haqida “hech qanday yozuvi”si yo‘qligini, bu ayblovlarni “yolg‘on” deb hisoblashini, ammo ularni “tekshirishi” kerakligini yozgan. “Shu bilan birga, men Leyboristlar partiyasiga yanada ko‘proq zarar yetkazishni istamayman, shuning uchun uning safidan chiqyapman”, — deydi Mandelson.
Shu kunning o‘zida Buyuk Britaniyaning uy-joy siyosati, jamoalar va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish bo‘yicha vaziri Stiv Rid Mandelson Epshteyn bilan aloqalari yuzasidan AQSh Kongressi oldida ko‘rsatma berishi kerakligini aytdi.
“Epshteyn fayllari”dan 30 yanvar kuni e’lon qilingan bank ko‘chirmalariga ko‘ra, 2004 yil iyun oyida Epshteynning JPMorgan bankidagi hisoblaridan Mandelson nomiga ochilgan bank hisoblariga uch marta 25 ming dollardan pul o‘tkazilgan, deb yozadi The Telegraph gazetasi. Bundan tashqari, AQSh Adliya vazirligi e’lon qilgan hujjatlarga ko‘ra, Mandelsonning turmush o‘rtog‘i Reynaldo Avila da Silva 2009 yil sentabr oyida amerikalik moliyachidan osteopatiya kurslari uchun 10 ming funt sterling so‘ragan va uni olgan.
2025 yil sentabr oyida Epshteyn ishiga oid hujjatlarning bir qismi chop etilganidan so‘ng, Mandelson Vashingtondagi elchi lavozimidan iste’foga chiqqan edi. Epshteynning 50 yilligi munosabati bilan tayyorlangan albomdan e’lon qilingan parchalarda britaniyalik siyosatchi uni “eng yaxshi ulfat” deb atagan. Elektron yozishmalarda Mandelson uni fohishalikni tashkil etgani uchun sudlanganidan keyin muddatidan oldin ozod etilish uchun kurashishga chorlagan. “Epshteyn fayllari”dagi suratlarda sobiq yevrokomissar futbolkada, yuzi qora to‘rtburchak bilan yopilgan oq xalatli ayol yaqinidagi xonada aks etgan.
“Men sudlanganidan keyin ham Epshteynga ishonib, undan keyin ham u bilan muloqotni davom ettirganimda adashganman”, — deb tan olgan Mandelson hujjatlar e’lon qilingach.
Amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn 2008–2009 yillarda fohishalikni tashkil etgani uchun jazo o‘tagan. U 2019 yil 6 iyul kuni voyaga yetmaganlarni fohishalikka majburlash ayblovi bilan qo‘lga olingan, o‘sha yilning 10 avgust kuni esa Manhettendagi turma kamerasida, sudni kutib turgan paytida, o‘z joniga qasd qilgan. 2025 yil dekabr oyida Epshteyn ishiga oid hujjatlarning birinchi qismi e’lon qilingan.









