Yig‘ilish avvalida qayd etilganidek, Andijon – aholisi eng zich joylashgan hudud. Viloyatda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, har yili 80 mingga yaqin tug‘ilish qayd etilmoqda. Yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir loyiha hamda har bir investitsiya yuqori qo‘shilgan qiymat va barqaror ish o‘rni yaratishi shartligi ta’kidlandi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trillion so‘mni tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda 7,2 foiz, xizmatlar hajmida 15,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish qayd etildi.

Asaka, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. “Og‘ir” toifadagi Bo‘ston, Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida kambag‘allikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilandi.

Joriy yilda viloyatda 798 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Jumladan, Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida charm-poyabzal, qurilish materiallari hamda dastgohlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi. 110 ta qishloq hamda 26 ta chegaraoldi va olis mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kichik sovitkichli omborlar tashkil qilish va mikrosanoat loyihalari amalga oshiriladi.

Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida 100 gektardan ortiq yer maydoni bo‘sh turibdi. Yer resurslari cheklangan sharoitda tayyor infratuzilmasi bor maydonlarda yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalarni joylashtirish, minglab ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatidan to‘liq foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida xorijiy navlar joylashtiriladigan va ilg‘or “76x10” sxemasi asosida ekiladigan paxta maydonlarini kengaytirish, 472 dona yangi texnika xarid qilish rejalashtirilgan. 2 ming gektar kam samarali eski bog‘lar intensiv bog‘larga aylantiriladi, 6,8 ming gektar yer foydalanishga qayta kiritiladi.

Yangi tajriba sifatida Oltinko‘lda gulchilik, Izboskanda ko‘chatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qo‘rg‘ontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik bo‘yicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.