Isroil - Suriya muzokaralari

Suriya Isroil bilan xavfsizlik kelishuvi boʻyicha muzokaralar tez orada qayta boshlanishini kutmoqda. Bu haqda Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy Reutersʼga bergan intervyusida aytdi.

Unga koʻra, diplomatiya eshiklari ochiq ekan va Isroil bu «tarixiy imkoniyat»dan foydalanib qolishi kerak. Shayboniy Damashqning ustuvor vazifasi Isroil hujumlarini toʻxtatish ekanini taʼkidlab, bu yoʻnalishda oʻzaro ishonchni mustahkamlash zarurligini aytdi.

Vashington bir yildan ortiq vaqt davomida Isroil va Suriyaning yangi hukumati oʻrtasida xavfsizlik kelishuvini tuzishga intilmoqda. Biroq Isroil oʻz xavfsizligiga tahdidlarni roʻkach qilib, Suriya hududiga qoʻshin kiritgani va hukumat obyektlariga hujum qilgani sababli bu ish qiyinlashgan.

Shayboniyning aytishicha, xavfsizlik kelishuvi boʻyicha muzokaralar Eron urushi boshlanganidan beri muzlatib qoʻyilgan, biroq u muzokaralar qayta tiklanishini kutmoqda. Aviabazaga berilgan zarbadan keyin Suriya va Isroil oʻrtasidagi aloqa uzilgan, dedi u.

Shayboniyning qoʻshimcha qilishicha, AQSH Isroilni muloqot stoliga qaytarish uchun «unga doimiy ravishda bosim oʻtkazishga» harakat qilmoqda. «Suriya Isroilning xavfsizlik borasidagi xavotirlarini hurmat qiladi, biroq Isroil ham Suriyaning xavotirlarini hurmat qilishi kerak», dedi u.

Shuningdek, Shayboniy «Suriya – harbiy tayyorgarlik, hamkorlikda Turkiyaning koʻmagiga tayanishi hamda bu yordamdan voz kechmasligi»ni aytdi.

Isroil bosh vaziri devoni va AQSH Davlat departamenti hozircha suriyalik amaldorning soʻzlariga izoh bermadi.

Zelenskiy saylovlar ehtimolini rad etdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sobiq mudofaa vazirining saylov tashkil etish chaqirigʻiga javob berib, Rossiya bosqini davomida bu oʻta xavfli ekanini aytdi.

«Bunday urush sharoitida saylovlar oʻz-oʻzidan katta xavf tugʻdiradi deb hisoblayman. Ayni paytdagi saylovlar mamlakat uchun Ukrainani boʻlib yuboradigan sunamiga aylanadi», dedi Zelenskiy yakshanba kungi bayonotida. Ukrainadagi harbiy holat tufayli saylovlar ayni paytda toʻxtatib qoʻyilgan.

«Agar biz mamlakatni vayron qilmoqchi boʻlsak, unda ushbu urush davrida saylovlar oʻtkazish yoʻnalishida harakat qilishimiz mumkin», deya qoʻshimcha qildi Zelenskiy.

Sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fyodorov bu chaqiriqni lavozimidan boʻshatilganidan bir oy oʻtib eʼlon qilgandi. Fyodorov ukrainalik yoshlar orasida sezilarli darajada qoʻllab-quvvatlanadi. Zelenskiy esa Fyodorovni tanqid qilib, «menimcha, uning oʻzi notoʻgʻri ishlarga qarab bormoqda yoki uni shunga undashmoqda», dedi.