Pedofiliyaga qarşi jazoni kuçaytiriş va erta nikohlarning oldini olişga qaratilgan farmon imzolandi. Toşkent şahri Boş rejasi özgartirildi: 1,5 ming gektar maydonda 30 ta yirik köçmas mulk loyihasi amalga oşiriladi. Toşkentda bekatlar infratuzilmasi yangilanadi: savdo nuqtalari köçiriladi. Kunning şu va boşqa muhim yangiliklari bilan taniştiramiz.
Toşkent Boş rejasi özgartirildi: 30 ta nuqtada yirik majmualar qad rostlaydi
Toşkent şahridagi 1,5 ming gektar maydonda 30 ta yirik köçmas mulk loyihasi amalga oşiriladi – umumiy qiymati 14,5 mlrd dollarga baholangan majmualar röyxati hukumat qarori bilan tasdiqlandi. Röyxatdagi yirik majmualar, xususan renovatsiya qilinadigan mavzelar hududining kamida 30 foizi yaşil maydonlar bölişi kerak. Şaharda yer maydoni 1 gektargaça bölgan kiçik va ziç qurilişlardan voz keçilişi belgilandi.
Tanlangan hududlardagi qurilişlardan tuşadigan infratuzilma tölovlari va boşqa ajratmalar hisobidan 9 ta hududda “Toşkent Invest” kompaniyasi tomonidan umumiy maydoni 139,6 gektar bölgan yangi yaşil hududlar – jamoat parklari taşkil etiladi. Şuningdek, Yangihayot tumani Xöja Uçqun va Yangi Gulzor mahallalari hududida yer maydoni 799 gektar, loyiha qiymati 1 mlrd 670 mln dollar bölgan “Yangi avlod” sanoat zonasi barpo etiladi. Şulardan kelib çiqib, Toşkent şahrining 2045 yilgaça möljallangan boş rejasiga köplab özgarişlar kiritildi.
Pedofiliya uçun umrbod qamoq jazosi haqidagi qonun loyihasi 3 oy muddatda işlab çiqiladi
Prezident imzolagan yangi farmonda muqaddam sudlangan şaxslar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarşi jinoyatlarni sodir qilganda umrbod ozodlikdan mahrum qiliş yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qiliş jazosini belgilaşni nazarda tutuvçi qonun loyihasini 3 oy muddatda işlab çiqiş böyiça topşiriq berildi.
Hujjatda ayollar va bolalar huquqlarini işonçli ta’minlaşga qaratilgan köplab çoralar nazarda tutilgan. Jumladan, erta nikohlarning oldini oliş, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoşgaça bölgan farzand tarbiyasi bilan şuğullanuvçi talabalarga imtiyozlar beriş, voyaga yetmagan şaxslar bilan nikoh tuzişni tarğib qilganlik uçun ma’muriy javobgarlik belgilaş, himoya orderi berilgan jabrlanuvçi xotin-qizlarni qöllab-quvvatlaş, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zöravonlik bilan boğliq jinoyatlarning maxsus tayyorgarlikdan ötgan tergovçilar va sudyalar tomonidan tergov qilinişi va körib çiqilişi belgilandi.
Toşkentda bekatlar infratuzilmasi yangilanadi
Şahar ma’muriyatining tegişli qaroriga asosan barça bekatlarni yangilaş rejalaştirilgan, jumladan, ulardagi savdo obektlari köçiriladi. Ruxsat beruvçi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini örnatiş uçun boşqa joy ajratiş orqali kompensatsiya tölaş mexanizmi ham közda tutilgan.
Ta’kidlanişiça, jahon amaliyotiga köra jamoat transporti bekatlarining zamonaviy konsepsiyasi bekat hududida savdo obektlari bölmasligini, yölovçilarning transportni erkin va xavfsiz kutişini, platformalar yetarliça keng bölişini hamda tirbandlik yuqori bölganda ularni kengaytiriş imkoniyati mavjudligini, şuningdek inklyuziv muhit yaratilişini nazarda tutadi.
Raqobat qömitasi Namanganda 26 ta dorixonaga iş qözğatdi
Raqobat qömitasining Namangan viloyati hududiy boşqarmasi Fair tech yagona axborot tizimi orqali ötkazgan örganişlarida ayrim dorixona va ulgurji sotuvçilar belgilangan savdo ustamalariga amal qilmagani aniqlandi.
Xususan, boşqarma tomonidan 26 ta dori vositalarini ulgurji sotuvçi sub’yektda örganiş ötkazilgan va belgilangan ulgurji referent narxlardan yuqori narx qöllangani, şu orqali esa jami 497 mln sömga yaqin asossiz daromad olingani ma’lum bölgan. Qayd etilişiça, holat maxsus komissiya tomonidan körib çiqilib, referent narxlarga amal qilmagan, asossiz ravişda narxlarni oşirib sotgan ulgurji sotuvçilarga nisbatan belgilangan tartibda iş qözğatilgan.
Navoiyda YTH oqibatida 4 kişi vafot etdi
Navoiyda inson ölimi bilan boğliq ayançli yöl transport hodisasi sodir böldi. Hodisa şu yil 22 fevral kuni sodir bölgan. Bu haqda Kun.uz manbasi bugun ma’lum qildi. Anglaşiladiki, mas’ullar bu xabarni jamoatçilikdan yaşirgan.
Ma’lum bölişiça, hodisa 22 fevral kuni Konimex tumani hududida, “Navoiy–Zarafşon–Uçquduq” avtomobil yölida sodir bölgan. Nexia haydovçisi özi bilan bir yönalişda harakatlanayotgan avtomobilni quvib ötişga uringan. Ammo bunga ulgurmasdan qarama-qarşi yönalişda kelayotgan yuk maşinasi bilan töqnaşgan.
Nexia maşinasi tezligi ham belgilangan çeklovdan yuqori bölgani aytilmoqda. YTH oqibatida 2 kişi voqea joyida, yana 2 kişi esa şifoxonada vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat işi qözğatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bugunça şular. Voqea-hodisalarni Kun.uz’ning Telegram, Instagram, Facebook va YouTube kanallarida kuzatib boring.











