Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada munitsipal saylovlarning birinchi turi bo‘lib o‘tdi
Fransiyada munitsipal saylovlarning birinchi turi bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalari 2027 yil apreliga rejalashtirilgan Fransiya prezidentlik saylovlari yaqinlashayotgani munosabati bilan muhim siyosiy ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda.
Parijda so‘l partiyalar koalitsiyasi nomzodi Emmanuel Greguar 38 foiz ovoz to‘plab, o‘ng markazchi “Respublikachilar” partiyasi vakili Rashida Datini ortda qoldirmoqda. Dati 24 foiz ovoz olgan. Bu haqda AFP agentligi rasmiy bo‘lmagan dastlabki natijalarga tayanib xabar qildi.
Ikkinchi turda, shuningdek, Per-Iv Burnazel (“Gorizontlar”) va Sofiya Shikiru (“Bo‘ysunmas Fransiya”) ro‘yxatlari ham ishtirok etadi.
Gavr shahrida markazchi “Gorizontlar” partiyasi vakili Eduar Filipp, u prezidentlik lavozimiga da’vogarlardan biri sifatida tilga olinadi, qariyb 44 foiz ovoz to‘plamoqda. Siyosatchi merlikka qayta saylanishini prezidentlik kampaniyasida ishtirok etishning majburiy sharti deb belgilagan.
Fransiyaning ikkinchi yirik shahri — Marselda amaldagi mer Benua Payyan (bir qator so‘l partiyalar birlashmasi) o‘ta o‘ng nomzod Frank Allizo (“Milliy birlashuv”) bilan kurash olib bormoqda — har ikkisi taxminan 35,4 foizdan ovoz olgan.
O‘ta o‘ng kuchlar Fransiyaning janubidagi qator shaharlarda kuchli pozitsiya namoyon qildi. “Milliy birlashuv” Perpinyanda qayta g‘alaba qozonish yo‘lida. Ayni paytda, qayta saylanishi kutilgan mer Lui Alio mablag‘larni talon-toroj qilishda ayblanmoqda va apellyatsiya sudi ayblov hukmini chiqarsa, u lavozimidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Tulonda esa RN deputati Lor Lavalett (“Milliy birlashuv”) taxminan 39 foiz ovoz bilan yetakchilik qildi. Bu amaldagi mustaqil mer Joze Massidan qariyb to‘qqiz foiz punktga ko‘proqdir.
Gap dastlabki natijalar haqida ketmoqda. Ikkinchi tur 22 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Fransiyaning amaldagi prezidenti Emmanuel Makron konstitutsiyaviy cheklovlar tufayli 2027 yilgi saylovlarda ishtirok eta olmaydi. Le Monde gazetasi yanvar oyida e’lon qilgan jamoatchilik fikri so‘roviga ko‘ra, fransuzlarning qariyb 42 foizi “Milliy birlashuv” g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan. Boshqa so‘rovlar esa avvalroq o‘ta o‘ng partiya nomzodining prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishini bashorat qilgan edi.
Mavzuga oid
09:25 / 03.07.2026
Fransiyaning bir nechta hududida o‘rmon yong‘inlari avj olmoqda
20:57 / 02.07.2026
Zalujniy Zelenskiyga saylovda qatnashmoqchiligini aytdi
09:45 / 01.07.2026
Fransiyada Shengen vizasi olish tartibi o‘zgardi
08:17 / 30.06.2026