Saylovdagi asosiy siyosiy kuch, aftidan, Qozogʻistonning yirik tadbirkorlarini oʻzida birlashtirgan yangi tuzilgan «Adilet» (Adolat) partiyasi boʻladi. Ularning barchasi prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayevning siyosiy yoʻlini qoʻllab-quvvatlagan.

Toʻqayevning tushuntirishicha, ikki palatali parlament oʻrniga bir palatalisini tuzish qonun chiqaruvchi organning taʼsirini kuchaytiradi va davlat boshqaruvida «aniqroq muvozanatni» yoʻlga qoʻyishga yordam beradi. Parlament tuzilmasini oʻzgartirish 15-mart kuni referendumda qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi matnidagi asosiy bandlardan biri boʻldi.

Yangi parlament – Qurultoy 145 nafar deputatdan iborat boʻladi. Ular quyi palatada avvalgidek aralash tizim boʻyicha emas, faqat partiya roʻyxatlari asosida saylanadi. Mustaqil nomzodlar saylana olmaydi.

Shu sababli ekspertlarning davlat rahbaridan farqli oʻlaroq, bunday ssenariyda parlamentning roli, aksincha, pasayadi, degan fikrga kelgani ajablanarli emas. Prezident qoʻlida hokimiyatning toʻplanishi esa yuqoriligicha qoladi, zero yangilangan konstitutsiya unga avvalgi prezidentlik muddatlarini bekor qilish imkonini berdi.

Toʻqayevning oʻzi parlament saylovini «mamlakat hayotidagi eng muhim voqea» deb atadi. «Biz taqdirhal voqealar ostonasida turibmiz. Oldinda bizni juda masʼuliyatli davr kutmoqda», - dedi prezident.