Tasdig‘ini topgan jinoyat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining 2024 yil 6 maydagi hukmi bilan uch kishi – Anvar Islomov, Avazbek Toshmatov va Jamoliddin Parpiyev jinoiy jazoga tortilgan. Ular juda ko‘p miqdorda firibgarlik hamda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatlarini sodir qilishda aybli deb topilgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchilar jinoiy til biriktirib, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni ko‘zlashgan. Buning uchun puxta o‘ylangan jinoiy reja tuzilgan.

Jinoiy rejaga ko‘ra, “Armagroup” XK rahbari nomidan O‘zsanoatqurilishbank Chilonzor filialiga qurilish mollari sotib olish uchun 3 oy imtiyozli davr va yillik 20 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 12 oy muddatga 10 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratish haqida murojaat qilingan. Garov ta’minoti sifatida “Feruza Barakat Servis” MChJga tegishli ko‘chmas mulk qo‘yilgan. Bunga asos sifatida bankka “Feruza Barakat Servis” MChJ ta’sischilarining 2020 yil 20 noyabrdagi umumiy yig‘ilish qarori taqdim etilgan. Biroq ushbu hujjat garchi MChJning yumalok muhri bilan tasdiqlangan bo‘lsa-da, direktor va ta’sischi imzosi soxtalashtirilgan bo‘lgan.

Bank va “Armagroup” XK o‘rtasida 2 ta kredit shartnomasi tuzilib, 20 mlrd so‘m kredit ajratilgan. Ushbu mablag‘ bir nechta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar hisobraqamiga mebel jihozlari, maishiy texnika va qurilish mollari sotib olish uchun o‘tkazilgan. Biroq xarid qilingan tovarlar savdosidan tushgan pul kredit qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltirmasdan shaxsiy ehtiyojlarga sarflab yuborilgan.

Shuningdek, shu usulda O‘zsanoatqurilishbank Yashnobod filialidan “Zamon Stroy Building” MChJga 10 mlrd so‘m kredit olishga erishilgan. Bunga garov ta’minoti sifatida “Ohangaron Ilg’or Qurilish Ta’mirlash” MChJning 12,5 mlrd so‘mga kafilligi, 12,5 mlrd so‘m sug‘urta polisi taqdim etilgan. Biroq bu mablag‘ ham maqsadsiz sarflab yuborilgan.

Shu tariqa, 2021 yil 30 dekabr holatiga “Armagroup” XK va “Zamon Stroy building” MChJlarning bank oldida kredit hamda hisoblangan foizlardan jami 31,8 mlrd so‘m qarzdorlik vujudga kelgan.

Shundan so‘ng sudlanuvchilar ushbu qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida ATB O‘zsanoatqurilishbank Yashnobod filialidan 45 mlrd so‘m kredit olishni maqsad qilishgan. Bunga garov ta’minoti sifatida “To’rtinchi Avtoxizmat” va “Feruza Barakat Servis” MChJlarga tegishli mulklar qo‘yilgan. Buning uchun bankka ushbu MChJlarning ko‘chmas mulklarni kredit ta’minotiga qo‘yish haqidagi umumiy yig‘ilish bayonnomalari taqdim etilgan. Ammo bu hujjatlarda ham MChJlar ta’sischilarining imzosi soxtalashtirilgan bo‘lgan.