Yevropa tashqi harakatlar xizmati Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalari oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lgani va diplomatik ob’yektlarga zarar yetgani munosabati bilan Moskva vakiliga norozilik notasini topshirishni rejalashtirmoqda.

Bu haqda 24 iyul kuni YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Kallasning ta’kidlashicha, Rossiyaning Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga zarbalari tasodifiy emas, balki «maqsadli siyosat» natijasidir.

24 iyul kuni berilgan zarbalardan biri Slavyansk shahridagi Latviyaning faxriy konsulligiga ham to‘g‘ri kelgan. Kallas bu holatni Moskvaning xalqaro huquq normalariga munosabati bilan bog‘lab tanqid qildi.

«Bunga javoban bugungi zarbalar munosabati bilan Rossiyaning YeIdagi vakilini chaqirtiramiz. Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga Rossiya harbiy-sanoat majmuasining qo‘shimcha korxona va tuzilmalarini kiritishni taklif qilaman», - dedi Kallas.

Kiyev yaqinidagi poligonga zarba: kamida 10 kishi halok bo‘ldi

24 iyul kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Kiyev viloyatiga ballistik raketalar bilan hujum qildi. Ukraina monitoring kanallari zarbada «Tsirkon» raketalaridan foydalanilganini xabar qilgan.

Keyinchalik hujum nishonlaridan biri Bucha tumanidagi xususiy poligon bo‘lgani ma’lum qilindi. U yerda qurol-yarog‘, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlari ko‘rgazmasi o‘tkazilayotgan edi.

Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenkoning ma’lum qilishicha, poligonga berilgan zarba oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 100 nafarga yaqin odam jarohatlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda tadbirni lozim darajada tashkil etmaslik va o‘tkazish holati yuzasidan tergov olib borilmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi poligonga zarba berilganini tasdiqlagan. Rossiya tomonining da’vo qilishicha, hujum vaqtida ob’yektda Ukrainadagi yetakchi dron ishlab chiquvchilar va ishlab chiqaruvchilar, Ukraina Qurolli kuchlarining uchuvchisiz tizimlar bo‘linmalari qo‘mondonligi va maxsus xizmatlar vakillari bo‘lgan.

Moskva ularni Rossiya hududiga zarbalarni rejalashtirish va amalga oshirishga aloqador shaxslar sifatida ko‘rsatgan.