2025-yil oxirida Vladimir Putin harbiy qo‘mondonlarni yig‘gan hamda 2026-yil uchun «NATO va Yevropa Ittifoqini ichidan parchalash» maqsadini qo‘ygan, deb yozmoqda The New York Times ushbu uchrashuv tafsilotlaridan xabardor bo‘lgan mulozimlarga tayanib.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Moldova ushbu rejalarda muhim o‘rinni egallagan. G‘arb maxsus xizmatlari vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, Kremlning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxatida Ukrainani bo‘ysundirish birinchi o‘rinda, Moldova ustidan nazorat o‘rnatish esa – ikkinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, Putin o‘sha vaqtda – mudofaa vazirligining kengaytirilgan hay’ati yig‘ilishida – Yevropa yetakchilarini Rossiya tomonidan hujum tahdidi mavzusida «jazavaga tushayotgani» uchun tanqid qilgandi. «Bir necha bor aytganman: bu yolg‘on, safsata, shunchaki Rossiyaning Yevropa mamlakatlariga xayoliy tahdidi haqidagi safsata», – degandi u.
NYT suhbatdoshlariga ko‘ra, Moldova Rossiya uchun ham Ukraina, ham G‘arbga qarshi keyingi tajovuz uchun ideal platsdarm bo‘lishi mumkin edi. Ularning qo‘shimcha qilishicha, Putin hali ham Rossiyani Moldova bilan bog‘laydigan quruqlik yo‘lagini yaratish uchun Ukraina janubidagi hududlarni egallab olishga umid qiladi.
Ushbu maqsadlarda Rossiya 2025-yil 28 sentyabrda Moldovada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlariga kiberhujumlar, dezinformatsiya, shuningdek, ovozlarni sotib olish va tashviqot orqali aralashishga uringan.
Kreml kampaniyasiga moldovalik ruhoniylar ham jalb qilingan. Ular Rossiyaga borib, u yerda Promsvyazbankning debet kartalarini qabul qilib olishgan, keyin Moldovaga qaytib, mukofot pullari evaziga cherkovdagilarni Moldovaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha referendumni rad etishga undashi, shuningdek, g‘arbparast siyosatga qarshi chiqishlar qilishi ko‘zda tutilgandi. O‘shanda Moldovadagi parlament saylovlariga «tarixiy» saylov deb qaralgan, mamlakatning Yevropa integratsiyasi kelajagi ko‘p jihatdan uning natijalariga bog‘liqligi ta’kidlangandi.
O‘sha 2025-yilning yozida Serbiyada mashg‘ulot lageri tashkil etilib, uning ishtirokchilari (ularning aksariyati Moldova fuqarolari edi) miltiq ishlatish, politsiya to‘siqlarini yorib o‘tish va binolarga o‘t qo‘yish bo‘yicha o‘qitilgan. Ularga uch-to‘rt kunlik kursda qatnashish uchun 400 dollardan to‘lanardi. Lagerdagi instruktorlar Rossiya harbiy razvedkasi (GRU) bilan aloqador xodimlar bo‘lib, uning maqsadi saylovlarga aralashish bo‘yicha o‘qitilgan jangchilar guruhini tayyorlash edi, deya ma’lum qiladi G‘arb razvedka xizmatlari vakillari.







