Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda JAC avtomobil zavodi ishga tushdi
Toshkentdagi “Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasida 18 may kuni "JAC Motors Toshkent" avtomobil zavodi rasman ishga tushirildi. Ochilish marosimida davlat idoralari, avtomobil sanoati va biznes vakillari ishtirok etdi.
Foto: JAC Motors
Tadbir doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan ilk model — JAC M3 avtomobilining yig‘ish liniyasi ishga tushirildi. Mazkur loyiha mahalliy avtomobil sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yirik ishlab chiqarish tashabbuslaridan biri sifatida baholanmoqda.
Loyiha Xitoyning JAC Motors kompaniyasi hamda “Toshkent invest kompaniyasi” AJ hamkorligida qo‘shma korxona shaklida amalga oshirilmoqda. Zavod ichki yonuv dvigatelli, gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish jarayonlarini bosqichma-bosqich chuqurlashtirishni nazarda tutadi.

Umumiy investitsiya hajmi 135 mln AQSh dollaridan oshadi. Loyiha 30 gektar maydonda ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich (SKD) doirasida 35 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 10 gektar hududda yiliga 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega liniya ishga tushirildi. Ushbu bosqichda 100 ta ish o‘rni yaratildi.

Ikkinchi bosqich (CKD) esa 20 gektar maydonda amalga oshiriladi. To‘liq ishlab chiqarish sikliga ega bo‘lgan zavodni 2027 yilning 4-choragida ishga tushirish rejalashtirilgan. Mazkur bosqich yakunida korxonaning yillik quvvati 30 mingtagacha avtomobilni tashkil etadi, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetkaziladi hamda 1000 ga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.
Loyiha doirasida kelgusida JAC brendining M3, M4, Sunray, JS8, RF8, T8 va T9 modellari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish hajmining bir qismi eksportga yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi ichki bozorda raqobatni kuchaytiradi, avtomobillar assortimenti kengayishiga va zamonaviy texnologiyalarning tezroq joriy etilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va avtomobilsozlik sohasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda avtomobil sanoati iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, "JAC Motors Toshkent" zavodining ishga tushirilishi ishlab chiqarish hajmini oshirish, texnologik rivojlanishni jadallashtirish va eksport salohiyatini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi bosqich sifatida baholanmoqda.