AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Afina yaqinidagi Salamin orolida ikki kishining jasadi sohil yaqinidan topilgan. Ispaniyaning shimolidagi Aragon mintaqasida esa yong‘inni o‘chirishda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Salaminda 570 dan ortiq kishi evakuatsiya qilindi
Gretsiya sohil qo‘riqlash xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Salamin orolida deyarli bir vaqtning o‘zida ikkita o‘rmon yong‘ini boshlangan. Yong‘in o‘choqlarining har ikkisi ham odamlar gavjum bo‘lgan plyajlar yaqinida - orolning janubiy va sharqiy qismlarida qayd etilgan.
Vaziyat og‘irlashgach, sohil qo‘riqlash xizmati patrul katerlari va boshqa kemalar yordamida 570 dan ortiq kishini evakuatsiya qilgan.
Gretsiya yong‘in xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Salaminda keksa er-xotin yong‘in qurboni bo‘lgan. Qutqaruvchilar ularga o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olmagan.
Kuchli shamol tufayli olov juda tez tarqalgan. Gretsiya televideniyesi yong‘in oqibatida butunlay yonib ketgan uylarni namoyish etgan. ANA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kamida to‘qqiz kishi kuyish jarohatlari sabab tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, orol sharqidagi Seliniya plyaji atrofidagi yong‘in nazorat ostiga olingan. Janubdagi Peristeriya plyaji yaqinida esa alohida yong‘in o‘choqlari saqlanib qolgan.
Olovga qarshi kurashga qariyb 200 nafar o‘t o‘chiruvchi, oltita samolyot va yettita vertolyot jalb qilingan.
Salamin orolida taxminan 37 ming kishi istiqomat qiladi. Aholining salmoqli qismini keksa yoshdagilar tashkil etadi.
Gretsiya qutqaruv xizmati hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab bir sutkaning o‘zida 34 ta yong‘in qayd etilgan.
Ispaniyada yong‘in o‘chirayotgan harbiy halok bo‘ldi
Jazirama va uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik Ispaniyada ham o‘rmon yong‘inlarining kuchayishiga olib kelgan.
16-avgust kuni Fransiya bilan chegaradosh Aragon mintaqasi rahbari Xorxe Askon yong‘inga qarshi kurashda ishtirok etgan harbiy xizmatchilardan biri halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Mahalliy OAVga ko‘ra, harbiy bo‘lgan avtomobil ag‘darilib ketgan.
Ispaniyaning boshqa bir mintaqasi - Andalusiyada esa yong‘in tufayli evakuatsiya qilingan yuzlab aholi o‘z uylariga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.
















