«Oltin to‘p»ning sakkiz karra g‘olibi Lionel Messi Argentina milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan. Bu haqda jurnalist Ernan Kastilio xabar tarqatdi.
Leoning o‘zi hozircha jim
Insayderning so‘zlariga ko‘ra, 39 yoshli hujumchi JCh-2026 finalidagi mag‘lubiyatdan keyin kiyim almashtirish xonasida ehtirosli nutq so‘zlagan va Ispaniyaga qarshi o‘yin uning milliy jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qolishini aytgan.
JCh-2026 g‘olibligi uchun hal qiluvchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin Lionel ancha vaqt maydonda qoldi va «Albiselesta» muxlislari o‘tirgan tribunaga qarab yig‘lab turdi. Ko‘pchilik muxlislar buni uning vidolashuvi sifatida qabul qilishgan.

«Rosario» vingeri va Messining do‘sti hisoblangan Anxel Di Mariyaning ijtimoiy tarmoqlardagi murojaati ham turlicha talqin qilinmoqda.
«Argentinalik bo‘lganing uchun rahmat. Bayrog‘imizni dunyoning eng yuqori cho‘qqisiga olib chiqqaning uchun rahmat. Futbolchi sifatida ham, inson sifatida ham namuna bo‘lganing uchun minnatdormiz. Sen tarixdagi eng buyuklardansan. San abadiysan», – deya yozgan Di Mariya.
Shu bilan birga, Kastilio tarqatgan insayd xatolik bo‘lib chiqishidan umid qilayotganlar ham bor. TyC Sport ma’lumotiga ko‘ra, Leo jahon chempionatiga bu borada oldindan qaror qabul qilmasdan kelgan va o‘z yaqinlariga faoliyatini yakunlamoqchi ekanini aytmagan. Nashrdagilar fikricha, bu aynan hozir ro‘y berishi ehtimoli kam.
Argentinalik futbolchining o‘zi hozircha faoliyatini yakunlash qarori haqida e’lon qilmadi. Final o‘yinidan keyin u o‘z hissiyotlari bilan bo‘lishdi hamda Ispaniyani g‘oliblik bilan tabrikladi.
«Og‘riq juda kuchli va bu yara bitishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ammo men barcha yaxshi xotiralarni ham o‘zim bilan olib qolaman... Bor kuchimizni berib, taqdirini o‘zgartirgan o‘yinlarimiz va ularning abadiy xotiralarda qolishi, butun mamlakatning qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, bu jamoaning mehnati va sa’y-harakati tufayli yana bir bor dunyoning eng yaxshilari qatorida bo‘lganimiz men uchun katta faxr.
Bugun qilgan ishlarimizni to‘liq baholash qiyin, ammo bu jamoa ketma-ket ikki marta Jahon kubogi finaliga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Har bir tabrik va har bir xabar uchun chin qalbimdan katta rahmat aytaman. Biz yana bir bor mamlakat sifatida birlashdik va barchamiz birgalikda argentinalik bo‘lishdek ulkan g‘ururni his qildik. Ispaniyani ham chempionlik bilan tabriklashni istardim», – deya yozgan futbolchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.









