Husiylar Saudiyaga dengiz qamalini joriy etdi

Yamandagi Eron bilan ittifoqdosh husiylar dushanba kuni Saudiya Arabistoniga nisbatan dengiz qamalini joriy etdi. Bu AQSh va Eron o‘rtasidagi urushda yangi front ochishi hamda global savdo uchun xavflarni oshirishi mumkin.

Husiylar bayonotida saudiyaliklar tomonidan Yamanga nisbatan joriy etilgan «adolatsiz va zolimona qamal»ga javoban «dushmanga qarshi darhol kuchga kiradigan dengiz embargosi» e’lon qilingan.

Yamandagi Saudiya boshchiligidagi koalitsiya esa husiylarga kuch bilan javob qaytarishini bildirdi. Shuningdek, Saudiya neftining asosiy eksport yo‘liga aylangan Bob al-Mandab bo‘g‘ozida kemalarni himoya qilish harakatlari boshlangan.

Husiylar ushbu bayonotni Tehron va Vashington o‘rtasida hujumlar kuchayib borayotgan vaqtda berdi. Husiylar bayonotidan keyin neft narxi o‘ynashni boshladi. Qizil dengiz orqali yuk tashishning sug‘urta qiymati qimmatlashdi.

Agar bu bo‘g‘oz ham to‘liq yopilsa, global neft yetkazib berish 7 foizga qisqaradi. Chunki bu Saudiya neft eksportining aksariyat qismini mintaqani tark eta olmaydigan qilib qo‘yadi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozini Eron yopgani uchun allaqachon dunyo bo‘yicha yetkazib berish 10 foizga kamaygandi.

AQSh va Eron o‘rtasida tiklangan harbiylar harakatlar o‘ninchi kunki davom etmoqda. AQSh Eron shaharlarini bombardimon qilyapti. Muhofizlar korpusi esa Ko‘rfazdagi AQSh bazalarini va bo‘g‘ozdan ruxsatsiz o‘tayotgan kemalarni nishonga olmoqda.

AQSh o‘ldirilgan 3 nafar harbiysi ma’lumotlarini e’lon qildi. «Eron har safar amerikalik askarni o‘ldirganda bu qotillik uchun bir necha barobar ortiq haq to‘laydi», deb yozdi Tramp.

Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vazirligi vositachilar Tehronga «takliflar» taqdim etganini ma’lum qilib, diplomatik aloqalar faol ekaniga ishora qildi, biroq tafsilotlarni keltirmadi. Shu kunlarda Eron ichki ishlar vaziri keyingi muzokaralar uchun Islomobodga yetib kelgan.

Tramp Netanyahu himoyasiga shay

Prezident Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShga tashrif buyurganida hech qanday shaklda hibsga olinmasligini aytdi. Netanyahu an’anaviy ravishda har yili sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining yillik yig‘ilishi uchun Nyu Yorkka keladi.