Özbekiston sayyohlar oqimi ösişi böyiça dunyo yetakçilari qatoriga kirdi. «Svetofor - yölçiroq, parol - öron» — deputatlar yangi qonunni ma’qulladi. Sirdaryoda çiyaböri odamlarga hujum qildi. Surxondaryoda «Alfa» nomli jinoiy guruh a’zolari jazolandi. Kunning muhim yangiliklari bilan taniştiramiz.
Özbekiston sayyohlar oqimi ösişi böyiça dunyo yetakçilari qatoriga kirdi
BMT Turizm taşkiloti (UN Tourism) hisobotiga köra, 2026 yilning birinçi çoragida Özbekistonga kelgan xalqaro sayyohlar soni ötgan yilning şu davriga nisbatan 37 foizga oşdi. Bu körsatkiç mamlakatni turizm sohasida eng jadal ösiş qayd etgan davlatlar qatoriga olib çiqdi.
Hisobotga köra, mazkur davrda eng yuqori ösiş Paragvayda 46 foiz, Yangi Kaledoniyada 45 foiz va Salvadorda 43 foiz bölgan. Keyingi örinlarda Möğuliston (39 foiz), Özbekiston (37 foiz), Palau (37 foiz), Tonga (25 foiz), Angilya (25 foiz), Irlandiya (24 foiz) va Bruney (23 foiz) qayd etilgan.
Mutaxassislar fikriça, Özbekistonning boy madaniy merosi, tarixiy şaharlari va turizm infratuzilmasini rivojlantirişga qaratilgan islohotlar mamlakatning xalqaro sayyohlar uçun jozibadorligini oşirişda muhim omil bölib xizmat qilmoqda.
«Svetofor - yölçiroq, parol - öron» — deputatlar yangi qonunni ma’qulladi
Qonunçilik palatasi majlisida ayrim tuşunça va yuridik atamalarni yagona şaklda qöllaş böyiça qonun loyihasi qabul qilindi.
Xususan, «avans» sözini «bönak», «markirovka»ni «tamğalaş», «marşrut»ni «yönaliş», «svetofor»ni «yölçiroq», «kovorking»ni «iş markazi», «parol»ni «öron», «progressiv» sözini esa «ilğor» deb özgartiriş nazarda tutilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinişi qonun hujjatlaridagi tuşunça va yuridik atamalarning qöllanişidagi noaniqliklarni bartaraf etişga, ularni birxillaştirişga xizmat qiladi.
Sirdaryoda çiyaböri odamlarga hujum qildi
Guliston tumanida çiyaböri odamlarga hujum qildi. Hodisa 9 iyun kuni Işonç mahallasida, dala çetiga yaqin hududda sodir bölgan. Çiyaböri 4 kişiga hujum qilgan. Şu mahallada yaşovçi erkak tezkor çoralar körib, hayvonni «zararsizlantirgan».
«Jarohat olgan fuqarolarga zudlik bilan tibbiy yordam körsatildi. Hozir ularning salomatligi tibbiyot xodimlari nazoratida bölib, ahvoli qoniqarli», deyiladi hokimlik xabarida.
Surxondaryoda «Alfa» nomli jinoiy guruh a’zolari jazolandi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida bezorilik va tovlamaçilik bilan şuğullanib kelgan «Alfa» nomli jinoiy guruh a’zolariga nisbatan sud hukmi öqildi.
Guruh 2026 yil yanvarida qölga olingan. Denov tumanida yaşovçi 28 yoşli fuqaro yana tört nafar şerigi bilan birlaşib, oson daromad topiş maqsadida bir neçta bezorilik va tovlamaçilik jinoyatlarini sodir etgan.
Xususan, köçada bir fuqaroni uşlab, avtomaşinasiga majburlab ötqazib, undan 2500 dollar berişni talab qilgan. Ular jabrlanuvçining Labo avtomobili kaliti va hujjatlarini olib qöygan. Ikki nafar sudlanuvçi 3 yilga, bir nafari 5 yil, yana ikki nafari esa 5 yil-u bir oyga ozodlikdan mahrum qilindi.











