- Trampning Eronga vaʼda qilgan misli koʻrilmagan iqtisodiy choralari natija beradimi?

Shavkat Ikromov: Eron – sanksiyalar sharoitida yashashga uzoq yillar davomida moslashgan mamlakat. Tehron muqobil yoʻllarni topish va sanksiyalar oqibatlarini yumshatish imkoniyatlarini shakllantirgan, ammo iqtisodiy bosimga toʻliq immunitet hosil qilgan deb boʻlmaydi. Shunga qaramay, Eron uzoq yillar davomida sanksiyalar sharoitida yashay olishini namoyish etdi.

Eron hukumati va siyosiy elitasi sanksiyalarga bardosh bera olishiga urgʻu bermoqda. Ammo iqtisodiy koʻrsatkichlar vaziyatning ancha murakkab ekanini koʻrsatmoqda.

Hozir Eron harbiy tajovuz sharoitida. Mamlakat oʻz suvereniteti va mustaqilligini himoya qilayotgan bir paytda, iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayishi tabiiy. Biroq bu qiyinchiliklarning oxiri koʻrinmayotgani Eron aholisi uchun tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Inflyatsiyaning yuqori darajasi, oziq-ovqat mahsulotlari narxining muntazam oshishi va aholining turmush darajasi pasayishi buning yaqqol koʻrinishidir. Bu holatni Eron ichidagi ham, mamlakat tashqarisidagi manbalar ham qayd etmoqda.

Endi bunday sharoitda qoʻshimcha sanksiyalar nimani anglatadi? Eron hozirgacha saqlab qolgan savdo hamkorlari va logistika imkoniyatlaridan yanada koʻproq mahrum boʻlishi mumkin. AQSH bayonotlarida Eron bilan hamkorlik qilayotgan davlatlar ham bosim ostida qolishi mumkinligi koʻrsatilmoqda. Bu, ayniqsa, Eronning logistika imkoniyatlaridan foydalanayotgan davlatlarga ham taʼsir qiladi. Markaziy Osiyo uchun Eron janubiy yoʻnalishlar orqali xalqaro dengiz savdo yoʻllariga chiqish imkonini beradigan muhim hamkor hisoblanadi. Shimoliy yoʻnalishlarga muqobil boʻlgan ushbu transport koridorlari urush sabab allaqachon qisqargan boʻlsa, yangi sanksiyalar ularning imkoniyatlarini yanada cheklashi mumkin. Demak, yangi sanksiyalar faqat Eronning oʻziga emas, balki Eron bilan savdo qilayotgan yoki uning logistika imkoniyatlaridan foydalanayotgan davlatlarga ham iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin.

Urush boshlanganda koʻplab xalqaro tahlilchilar Eronning qarshilik koʻrsatish imkoniyatlarini past baholagan edi. Eron uzoq vaqt bardosh bera olmaydi degan prognozlar yangragan. Ammo Eron bugungacha qarshilikni davom ettirdi. Bu – mamlakatda siyosiy iroda borligi va jamiyatning muayyan darajadagi bardoshliligini koʻrsatadi. Shu bilan birga, asosiy savol – iqtisodiyot va aholining bunga qanchagacha bardosh bera olishi.

Oddiy eronliklar hukumatning mamlakat mustaqilligini saqlab qolish siyosatini qoʻllab-quvvatlashi mumkin, biroq ular kundalik turmush sharoitining yaxshilanishini, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar taqchilligining oldini olishni ham istaydi. Agar yangi sanksiyalar toʻliq kuchga kirsa, bu muammolar yanada keskinlashishi mumkin.