Zaporijjyada turar joy binolariga zarar yetdi
Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorovning Telegram orqali ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shinlari shaharga havodan zarba bergan.
Hujum natijasida besh qavatli turar joy binosining ikki qavati butunlay vayron bo‘lgan. Shuningdek, yaqin atrofdagi to‘qqiz qavatli uyning oyna va balkonlari shikastlangan. Zarba tufayli logistika operatoriga tegishli terminalda yong‘in chiqqan.
Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati (DFVX) ma’lumotiga ko‘ra, hozircha ikki nafar inson halok bo‘lgani tasdiqlangan. Yana kamida 42 kishi jarohat olgan bo‘lib, ular orasida sakkiz nafar bola ham bor.
Ukraina ommaviy axborot vositalari shaharga hujum boshqariladigan aviatsiya bombalari - BAB yordamida amalga oshirilganini xabar qilmoqda.
Sumi shahri ham havo hujumiga uchradi
Shu kuni Rossiya qo‘shinlari Sumi shahriga ham BAB bilan zarba berdi. Hujum fuqarolik infratuzilmasini nishonga olgan.
Sumi viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Grigorovning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, kamida uch nafar inson jarohatlangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlarga asosan, shaharga yettita boshqariladigan aviatsiya bombasi tashlangan. Zarbalar Kovpakov tumanida qayd etilgan bo‘lib, turar joylar hamda sanoat hududida jiddiy vayrongarchiliklar yuzaga kelgan.
Mahalliy hokimiyat va qutqaruv xizmatlari hodisa joylarida qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda. Qurbonlar va jabrlanganlar soni yanada oshishi mumkinligi istisno etilmayapti.












