Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 karra oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017 yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarildi.
Shu davrda 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi, yana 1,1 million kishi kanalizatsiya tizimiga ulandi. 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilindi. 3,4 mingta ichimlik suvi inshooti, 295 ta oqova suv inshooti va nasos stansiyasi barpo etildi yoki yangilandi.

Kelgusi yillarda ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qo‘shimcha 1,3 milliard dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari erishilgan natijalar bilan birga loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish tizimi hali talab darajasida emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Xususan, Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun 107 milliard so‘m ajratildi. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyati aholisini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi doirasida Termiz shahrigacha tarmoq tortib kelindi. Yil yakuniga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berilishi belgilandi.
Taqdimotda hududlardagi eng dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada ta’minot sifatini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.

Ichimlik suvini xonadongacha yetkazish ishlarini to‘liq yakunlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita uylargacha tortish ko‘zda tutilgan.

















