Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi 23 iyul kuni Yevropa Ittifoqi Kengashining rasmiy jurnalida e’lon qilingach, rasman kuchga kirdi. Yevropa komissiyasiga ko‘ra, yangi choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish va mamlakatning tinch aholisi hamda fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini qisqartirishga qaratilgan.
Yangi paket asosan energetika sohasi, moliyaviy xizmatlar, jumladan kriptovalyuta operatsiyalari, tashqi savdo va Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga nisbatan qo‘shimcha cheklovlarni nazarda tutadi.
Sanksiyalar paketining asosiy qarorlaridan biri Rossiya nefti uchun amal qilayotgan narx chegarasini yana bir yilga saqlab qolish bo‘ldi. Agar mazkur mexanizm uzaytirilmaganida, jahon bozorida neft narxi oshishi bilan cheklov narxi ham avtomatik ravishda ko‘tarilishi mumkin edi.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi ilk bor Rossiya neftni qayta ishlash sohasiga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri sanksiyalar joriy qildi. Cheklovlar Rossiyadagi uchta neftni qayta ishlash zavodi, Belarusdagi yirik NQZ, Rossiyada Belarus neft mahsulotlarini sotuvchi kompaniya hamda amaldagi cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam bergan beshta neft treyderiga nisbatan qo‘llandi. Shuningdek, Rossiya neftini qayta ishlaydigan korxonalar bilan operatsiyalarni taqiqlash imkoniyati ham yaratildi.
Yana bir muhim yangilik sifatida Rossiyaning «soya floti»ga mansub deb hisoblangan 41 ta kema sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shildi. Bungacha mazkur ro‘yxatda 632 ta kema mavjud edi. Ilk bor Yevropa Ittifoqi davlatlariga dengiz operatsiyalari doirasida ushlangan bunday kemalar yukini musodara qilish huquqi ham berildi. Musodara qilingan yuk sotilishi, tushgan mablag‘ esa kemani ushlagan davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi mumkin.
Yevropa komissiyasi Rossiya iqtisodiyoti urush boshlanganidan beri eng zaif holatga kelganini ta’kidladi. Bayonotda qayd etilishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli neft narxining oshishi hisobiga olinayotgan qo‘shimcha daromadlar ham Rossiya iqtisodiyotidagi tizimli muammolarni qoplash uchun yetarli emas.
Sanksiyalar doirasida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq yana 56 ta kompaniya cheklovlar ro‘yxatiga kiritildi. Ularning 37 tasi uzoq masofaga uchuvchi «Garpiya» dronlarini ishlab chiqarish va ta’minot zanjiri bilan bog‘liq. Shuningdek, Rossiya ishlab chiqayotgan Starlink muqobili ham sanksiyalar ostiga olindi, harbiy sanoat uchun muhim bo‘lgan metall kukunlari, qotishmalar va radioelektron kurash texnologiyalariga oid mahsulotlar eksportiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi.







