Sportchi Solihjon Ibragimov ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Sud hujjatiga ko‘ra, 26 iyul kuni Nemolchi.uz loyihasi rahbari Irina Matviyenko ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida “Salax” ismli sportchi Instagram’dagi sahifasida zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi video post joylaganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Aniqlanishicha, huquqbuzar Solihjon Ibragimov ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasiga mashg‘ulot jarayoni aks etgan videolavha joylashtirgan. U ushbu videoga “Treniruyus, chtoby moya jyena mogla poluchat v budushchem tolko chyotkiye udary” degan so‘zlarni yozib qoldirgan.

Sportchi aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymon ekanini aytgan va suddan yengillik so‘ragan.

JIB Mirobod tuman sudining qarori bilan Solihjon Ibragimov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni (tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) sodir qilgan deb topildi. Unga BHMning 60 baravari (24 mln 720 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sportchining daliliy ashyo sifatida olingan IPhone 15 Pro Max telefoni davlat foydasiga musodara qilingan.