Bahraynning Alayam gazetasi yozishicha, Jahon shaxmat olimpiadasi Markaziy Osiyo tarixida ilk bor O‘zbekistonda tashkil etilmoqda. Musobaqa Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilib, mamlakatning yirik xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qilish salohiyatini yana bir bor namoyon etadi.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonning shaxmatdagi yutuqlari prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va sportning ushbu turini ommalashtirishga qaratilgan uzoq muddatli siyosat samarasidir. Bu esa xalqaro maydonda raqobatlasha oladigan yangi avlod shaxmatchilarini tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Shaxmat olimpiadasi 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro sport tadbirlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, kuz oylarida Toshkentda suv sport turlari bo‘yicha Jahon kubogi va stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionati, noyabr oyida esa sambo hamda dzyudo bo‘yicha jahon chempionatlari ham bo‘lib o‘tadi.