Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilgan. Hozir respublikada jami 726 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida ularga 1,1 ming nafar shaxs joylashtirilgan.

Amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi. Boshpanasiz shaxslar ushbu markazlarga o‘z murojaati asosida, “mahalla yettiligi”ning o‘rganish natijalariga ko‘ra yoki ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori ko‘magida joylashtiriladi. Ularning har biri uchun individual reja ishlab chiqilib, hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirish choralari belgilanadi.

Markazlarda bandlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalari tashkil etilib, tadbirkorlarga bo‘sh joylar imtiyozli shartlarda ijaraga beriladi. Boshpanasiz shaxslarga kasbga o‘qish uchun vaucher ajratish, ularni ijtimoiy ehtiyojmand toifalar qatoriga kiritish va ular uchun ish o‘rinlarini zaxiralash nazarda tutilmoqda. Nodavlat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish orqali vaqtinchalik boshpana, issiq ovqat va kiyim-bosh bilan ta’minlash qamrovi kengaytiriladi.

Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va reabilitatsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

2026-yil 1 sentyabrdan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahalla va tuman darajasida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning holatini baholash va tegishli xizmatlarga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy markazlari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi va hududiy markazlari etib qayta nomlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi hududiy markazlarda odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish hamda ularga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 40 ta o‘rin yaratiladi.

Shu bilan birga, bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning mehnat va tashqi migratsiya xizmatlari bilan shug‘ullanish huquqini cheklash, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilish taklif etildi.