Rossiya FXX Chegara xizmati joriy yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatga xorij fuqarolarining kirib kelishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki ikki choragida Rossiyaga xorij fuqarolari 7,1 mln marta tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davrida 7,8 mln bo‘lgan.
Rossiyaga eng ko‘p fuqarolari kirib kelgan 10 mamlakat reytingida O‘zbekiston birinchi o‘rinda qayd etilgan – 1 mln 613 ming tashrif. O‘tgan yili bu raqam 1 mln 825 mingtani tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston, Xitoy, Tojikiston, Qirg‘iziston joylashgan. Ro‘yxatdan shuningdek, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya va Mo‘g‘uliston o‘rin olgan.
«Turizm» maqsadida yanvar-iyun oylarida Rossiyaga 676,4 ming marta tashrif amalga oshirilgan. Sayyohlarning asosiy qismi Xitoy (380,5 ming tashrif), Turkmaniston (46 ming), Turkiya (36,9 ming) va Saudiya Arabistoni (20,6 ming) fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
«Ishlash» maqsadini ko‘rsatganlar soni 2,4 mln nafarni tashkil etgan. Ular asosan O‘zbekiston (1,1 mln), Tojikiston (494 ming) va Qirg‘iziston (289 ming) fuqarolaridan iborat.
«Ta’lim olish» maqsadida 202 ming tashrif qayd etilgan. Bu borada Qozog‘iston (47 ming), Xitoy (42 ming) va O‘zbekiston (26 ming) fuqarolari yetakchi.
Shuningdek, 2,3 mln holatda tashrif maqsadi «shaxsiy safar» sifatida ko‘rsatilgan. Bunday tashriflarning asosiy qismi Qozog‘iston (850 ming), O‘zbekiston (263 ming) va Abxaziya (225 ming) fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.







