O‘zbekistonning so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalari 2026-yil 30 sentyabrdan boshlab rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy valyutadagi davlat obligatsiyalarini kuzatuvchi J.P. Morgan’ning GBI-EM indeksiga kiritiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston hozircha MDH davlatlari orasida milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari ushbu indeksga kiritilayotgan yagona mamlakat hisoblanadi.

GBI-EM - rivojlanayotgan davlatlarning milliy valyutadagi obligatsiyalarini qamrab oluvchi yirik xalqaro indekslardan biri. Undan xalqaro investorlar investitsiya qarorlarini qabul qilishda foydalanadi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, indeks tarkibiga hozirda 20 ta rivojlanayotgan davlat kiradi, ularning 13 tasi investitsiya darajasidagi kredit reytingiga ega.

O‘zbekiston obligatsiyalari haqida

2026-yilda O‘zbekiston 1 mlrd dollar ekvivalentidagi (12,2 trln so‘m) uch yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni 12,25 foizlik stavkada joylashtirgan. Bu ichki moliya bozoridagi stavkadan o‘rtacha 14 bazis punktga past. IMV ushbu emissiyani Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqalarida so‘nggi 15 yil ichida milliy valyutada amalga oshirilgan eng yirik tranzaksiya sifatida qayd etgan.

Vazirlikka ko‘ra, mamlakatning GBI-EM indeksiga kiritilishi xalqaro investorlar tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga ishonchning ortib borayotganini bildiradi hamda investorlar bazasini kengaytirish va tashqi manbalardan mablag‘larni jalb qilishda foiz stavkalarni pasaytirishga xizmat qiladi.

Misol sifatida Paragvay keltirilgan. Uning milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari GBI-EM indeksiga kiritilganidan so‘ng mamlakat emitentlari uchun mablag‘ jalb qilish stavkalari 1 foizgacha pasaygan.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda davlat qimmatli qog‘ozlarining ichki bozori ham rivojlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat obligatsiyalari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavka 2022-yildagi 17,1 foizdan 2026-yilning birinchi yarmida 12,6 foizgacha pasaydi. Bunda muomaladagi o‘rtacha muddat 1,5 yildan 2,35 yilgacha uzaydi.

2026-yilning birinchi yarmida o‘rta muddatli g‘aznachilik obligatsiyalari joylashuvlarning 69 foizini va ikkilamchi bozordagi savdolarning 63 foizini ta’minladi. Davlat qarzi tarkibida g‘aznachilik obligatsiyalarining ulushi 9 foizgacha, milliy valyutadagi qarz ulushi esa 12,2 foizgacha oshdi.