Rossiya oliy sudi «Yabloko» partiyasini Davlat dumasi uchun saylovdan chetlatish to‘g‘risidagi da’voni qanoatlantirdi. Bunday da’vo juma kuni «Rodina» partiyasi tomonidan kiritilgandi. Ushbu raqobatchi partiya «Yabloko»ni turli qonunbuzarliklar, jumladan, mualliflik huquqiga rioya qilmaslik, noqonuniy saylovoldi tashviqoti olib borish hamda ekstremizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Bu da’voni sudya Vyacheslav Kirillov ko‘rib chiqdi. Aynan u bahorda «Memorial» xalqaro jamiyatini «ekstremistik» deb topgandi. Sud qarori qonuniy kuchga kirmagan, «Yabloko» apellyatsiya beradi.

«Rodina» «Yabloko»ning urushga qarshi pozitsiyasini ekstremizm hamda Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga da’vat sifatida talqin qilgan. Cudda da’vogar tomon vakili bu ayblov mantiqini shunday tushuntirgan: «Rossiya hududining bir qismi neonatsist rejim tomonidan okkupatsiya qilingan. Zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv tuzishga chaqiriqlar okkupatsiya qilingan hududlarni ozod etishni to‘xtatish yoki ularni ozod etishdan bosh tortishga chaqiriq hisoblanadi». Shuningdek, «Yabloko» LGBTK-jamiyatga qarshi qatag‘onlarga qo‘shilmasligi ham ekstremizmni qo‘llab-quvvatlash deb hisoblangan.

Mualliflik huquqi buzilishi haqidagi ayblovlar yanada absurd bo‘lib chiqdi. «Rodina»dagilar iddaosiga ko‘ra, sovet qo‘shiqlaridagi «Doim quyosh chiqsin» va «Urush bo‘lmasin» kabi iboralardan foydalanish (bu go‘yoki qo‘shiqlarning mualliflari huquqlarini buzadi), ChatGPT tomonidan yaratilgan rasmlarni e’lon qilish (bu go‘yoki neyron tarmoq egasi bo‘lgan kompaniya huquqlarini buzadi) va Hirosimaning bombardimon qilingan fotosuratidan foydalanishni (bu go‘yoki Amerika armiyasi huquqlarini buzadi) mualliflik huquqlarini buzish hisoblanadi. Shuningdek, «Yabloko» logotipi sovet rassomi El Lisitskiyning o‘tgan asr boshida yaratilgan plakatidan ko‘chirilgani da’vo qilingan.

«Yabloko» yetakchisi Nikolay Ribakov Oliy sud eshituvida
Pavel Bednyakov / AP / Scanpix / LETA

«Yabloko» yetakchisi Nikolay Ribakov barcha ayblovlarni rad etdi. U «Rodina» «Yabloko»ni siyosiy pozitsiyasi va saylovoldi dasturi amaldagi hokimiyat yo‘nalishidan farq qilishi tufayli ayblashga harakat qilayotganini ta’kidlagan. «Turli partiyalar bir xil jamoatchilik fikrini shakllantira olmaydi. Fuqarolarning qarashlari turlicha va ularni turli partiyalar ifoda etishi kerak. <...> Da’vogarning vakiliga bizni o‘ldirilishni istamaydigan odamlar qo‘llab-quvvatlayotganini qanday tushuntirishni bilmayman», – deya xulosa qildi Ribakov.