Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Ukraina amerikalik muzokarachilarga Rossiya bilan urushni tugatish rejasi yuzasidan takliflarni topshirgan. Shuningdek, u Rossiya kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovidan yangi safarbarlik e’lon qilish uchun bahona sifatida foydalanishini taxmin qildi. Bu haqda u kechki videomurojaatida aytib o‘tdi.
«Biz o‘z takliflarimizni Amerika tomoniga topshirdik. Qo‘shma Shtatlar mudofaamizni, avvalo, havo hujumidan mudofaa sohasida mustahkamlashga yordam berishi hamda Rossiyaga urushni davom ettirishga emas, balki uni tugatishga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z rejalarini o‘zgartirishga majburlash maqsadida bosim o‘tkazishi mumkin», deb ta’kidladi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina razvedkasida Rossiya jangovar tarkibni to‘ldirish maqsadida yangi safarbarlik e’lon qilish uchun sentyabr oyidagi saylovdan foydalanishiga oid dalillar mavjud.
«Ular kuzda, parlament saylovi sahnalashtirilishi bilanoq, safarbarlikka tayyorgarlik ko‘rmoqda. So‘ngra, «saylov» deb ataluvchi tadbirdan keyin u (Putin) yil oxirigacha qo‘shimcha bir necha yuz ming rossiyalikni, kelasi yili esa yana shunchasini tezkor safarbar qilishni rejalashtirmoqda», dedi Zelenskiy. U bu «go‘yoki rossiyaliklar urushni qo‘llab-quvvatlayotgandek tasavvur uyg‘otish» rejasining bir qismi ekanini qayd etdi.











