Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Kiyevda otishma

2-sentabr kuni Kiyevda Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) va Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasining (GUR) «ayrim boʻlinmalari oʻrtasida» otishma boʻlib oʻtdi. Bu maʼlumotni prezident Volodimir Zelenskiy tasdiqladi va yuz bergan voqeani «mutlaqo sharmandali holat» deb atadi.

«Bosh prokuror va Davlat tergov byurosi barcha tafsilotlarni aniqlaydi: ushbu voqea ishtirokchilarining barcha koʻrsatmalari va bayonotlari, butun vaziyat qadamma-qadam tekshiriladi», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti aybdorlarni javobgarlikka tortishga, jumladan, «kadrlar boʻyicha qarorlar» qabul qilishga va «har ikkala xizmatda ham ichki tekshiruvlar» oʻtkazishga vaʼda berdi. Shuningdek, tez orada Xavfsizlik xizmatining «Davlat sirini saqlash va litsenziyalash departamenti» boshligʻi Oleg Xramov ishdan boʻshatildi.

2-sentabr tongida Kiyevning Dneprovskiy tumanida SBU va GUR xodimlari oʻrtasida otishma sodir boʻlgani haqida maʼlumotlar tarqaldi. Xavfsizlik xizmati vakillari oʻz tezkor xodimlariga tintuvlar vaqtida qurolli hujum qilingani haqida maʼlum qildi. Natijada «qarshilik koʻrsatgan baʼzi shaxslar» yaralangan, hujum qilganlar esa qoʻlga olingan, deya taʼkidladi SBU. Shuningdek, idora qoʻlga olinganlar Ukraina armiyasi «boʻlinmalaridan biriga» tegishli ekanini aytgan.

Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga koʻra, gap - Ukraina armiyasining «Rossiya koʻngillilar korpusi» boʻlinmasi qoʻmondoni Stepan Kaplunov haqida ketmoqda. Xavfsizlik xizmati unga «suiqasd qilinishi» ehtimoli yuzasidan Kaplunovni olib ketgan. Harbiylar esa xavfsizlik xodimlariga qarshilik qilgan.

Kaplunovni qoʻlga olish chogʻida Xavfsizlik xizmati maxsus kuchlari va harbiy razvedka xodimlari oʻrtasida otishma chiqqani aytilmoqda. GURning bir nafar xodimi vafot etgan boʻlishi mumkin.

Kaplunovning advokati soʻzlariga koʻra, uning mijozi 2-sentabr kuni kunduzi «allaqachon ozodlikka chiqqan» boʻlgan. Huquqshunos SBUning «suiqasdning oldi olingani haqidagi versiyasi uydirma» boʻlishi mumkin deb hisoblamoqda.

AQSH harbiy kemasi Pattayaga keldi

Yaqin Sharqdagi uzoq muddatli xizmatdan soʻng AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining aviatashuvchi kemasi Tailandning Pattaya kurorti shahriga kirmoqda.