Mitsubishi ishlab chiqarilishi 2022-yilda toʻxtatilgan Pajero yoʻltanlamasining yangi avlodini taqdim etdi. Autonews ushbu model haqidagi asosiy maʼlumotlarni toʻpladi.

1. Zamonaviy Mitsubishi modellari ruhidagi dizayn

Mitsubishi yangi Pajero avvalgi avlodlar bilan bogʻliqligini taʼkidlayotgan boʻlsa-da, ular oʻrtasida yaqqol vizual oʻxshashliklar unchalik koʻp emas. Yoʻltanlamas ensiz faralar, yirik radiator panjarasi va kengaytirilgan gʻildirak arkalariga ega boʻldi. Biroq avtomobil tashqi koʻrinishida markaning zamonaviy modellari, xususan, Destinator va Xforce bilan umumiy jihatlar talaygina.

Komplektatsiyasiga qarab, avtomobilga oʻlchami 255/55 R20 boʻlgan Toyo Open Country H/T yoki Bridgestone Dueler H/T shinalari oʻrnatiladi.

Shu bilan birga, avvalgi Pajero oʻziga xos jihatlaridan birini yoʻqotdi: zaxira gʻildiragi orqa eshikdan avtomobil tagiga koʻchirildi.

Oʻlchamlari boʻyicha yangi Pajero yirik yoʻltanlamasga toʻla mos keladi: uzunligi 4920 mm, eni - 1925 mm, balandligi - 1910 mm. Gʻildiraklar bazasi 2870 mm, old va orqa oʻqlar orasidagi masofa esa 1630 mm ga yetadi.

2
Mitsubishi

2. Ekranlar va tugmalar uygʻunligi

Yangi Pajero intereri ikkita displeyli yirik old panel atrofida qurilgan. Qimmat versiyalarda yagona blokka birlashtirilgan 14,3 dyuymli ekrandan foydalanilgan. Hamyonbop komplektatsiyalarga esa 12,3 dyuymli panel oʻrnatilgan.

Raqamli asboblar paneli murakkab yoʻllardan oʻtishda yordam beradigan maʼlumotlarni aks ettira oladi. Ekranga dengiz sathidan balandlik, kompas koʻrsatkichlari, tashqi harorat, yon ogʻish va tangaj burchaklari hamda burilishni faol boshqarish tizimining ishlashi haqidagi maʼlumotlar chiqariladi.

3. Uch qatorli oʻrindiqlar va oʻziga xos pardoz

Asboblar paneli va eshiklarga pardoz berishda Mitsubishi Yaponiyaning kimekomi texnikasidan ilhomlangan. Bu yogʻoch yoki boshqa materialdan yasalgan asosga mato parchalari yopishtirib, bezak buyumlari yasash usulidir. Shu tufayli yumshoq yuzalar koʻp qatlamli fakturaga ega boʻladi.

Ikkinchi qator yoʻlovchilari uchun keng koʻlamli sozlash imkoniyatlari mavjud. Divanni oldinga va orqaga 150 mm gacha surish mumkin. Shuningdek, ular uchun yon oynalarda quyoshdan himoyalovchi pardalar, yon oʻrindiqlarni isitish tizimi, alohida iqlim nazorati zonasi, maishiy rozetka va ikkita USB–C porti koʻzda tutilgan.