AQSh Eronga nisbatan misli ko‘rilmagan iqtisodiy bosim choralarini tayyorlamoqda, deb bayonot berdi AQSh moliya vaziri Skott Bessent.

«Kelasi hafta yangi e’lonlar bo‘ladi, biz mamlakatning iqtisodiy izolyatsiyasi tarixida hali kuzatilmagan choralarni qo‘llamoqchimiz», - dedi Bessent. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar Eron portlari qamalini davom ettirishni ham ko‘zda tutuvchi «qo‘shaloq zarba» strategiyasining bir qismi bo‘ladi. AQSh Tehronga bosimni kuchaytirish hamda Eron eksporti va importini cheklash niyatida.

Yangi choralar Eron nefti xaridorlariga ta’sir qilishi mumkin. Ehtimoliy choralardan biri - Tehrondan xaridlarni davom ettirayotgan kompaniyalar va mamlakatlarga, jumladan, Xitoyga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar joriy etishdir. Bunday qadam Pekinning javob choralariga sabab bo‘lishi va jahon energetika bozoridagi bosimni yanada kuchaytirishi mumkin.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yildan beri AQSh Eronga qarshi 2200 ga yaqin sanksiya qo‘llagan. Shunga qaramay, ko‘p yillik sanksiyalar siyosati Tehronni yadroviy dasturidan va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratdan voz kechishga majbur qilolmadi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bosh qo‘mondoni maslahatchisi Muhammad Rizo Naqdiy 12-avgust kuni Tehron o‘z xavfsizligini ta’minlash choralaridan biri sifatida mojaroni Donald Trampning prezidentlik muddati tugaguniga qadar cho‘zish variantini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan.

Iyun oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan, biroq uzoq muddatli yechim bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Avgust oyida AQSh Eronning harbiy-dengiz blokadasini cheklanmagan muddatga saqlab qolishga tayyorligini bildirdi. Vashington erkin kema qatnovini ta’minlashni talab qilayotgan bo‘lsa, Tehron bo‘g‘ozni to‘liq ochish evaziga yon berilishini talab qilmoqda. Eronning shartlari orasida sanksiyalarni bekor qilish, Amerika kuchlarini olib chiqib ketish va urushdan ko‘rilgan zararni qoplash bor.

Eron iqtisodiyoti allaqachon jiddiy zarar ko‘rgan. Rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, aprel oyida urushdan ko‘rilgan zarar 270 milliard dollardan oshgan. AQSh va Isroil zarbalari Eron sanoatining bir qismini yo‘q qilgan. Mamlakatning eng yirik po‘lat quyish korxonalari va neft-kimyo majmualari hujumga uchragan. FT ma’lumotlariga ko‘ra, urush sababli 2 millionga yaqin odam ishidan ayrilgan. Yoz boshlarida Erondagi yillik inflyatsiya 90 foizga yaqinlashdi.

Jangovar harakatlar allaqachon Yaqin Sharqdan neft yetkazib berishning keskin qisqarishiga olib keldi. Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft va kondensat eksporti iyul oyida kuniga taxminan 10,7 million barrelni tashkil etdi - bu urushdan oldingi darajadan 40 foizga past. Mojaro boshlanishidan oldin jahon neft va gaz ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanish hamon to‘sib qo‘yilgan.