Taʼtil deganda köpçilikning köz oldiga mehmonxona, plyaj, dengiz yoki tarixiy şaharlarga ekskursiya keladi. Kruiz esa bularning bir neçtasini yaxlit safarga jamlaydi. Sayyoh kemadagi kayutada yaşaydi.
Kema manzillararo harakat qiladi. Turist esa har safar yukini yiğib, yangi mehmonxona qidirib yurmaydi. Masalan, Malayziyadagi kruiz marşrutida Port-Klang, Penang va Langkavi kabi manzillarga boriş mumkin. Bunda kema mehmonxona vazifasini ham bajaradi.


Xöş, kruizning oddiy sayohatdan farqi nimada?
Mehmonxona ham siz bilan birga sayohat qiladi. Kruizning eng katta qulayligi şu. Oddiy sayohatda bir şahardan boşqasiga ötiş uçun yuklarni qayta yiğiş, yangi mehmonxonaga joylaşiş va transport masalasini hal qilişga töğri keladi. Kruizda esa kayutangiz butun safar davomida özgarmaydi. Kunduzi yangi manzilni tomoşa qilasiz, keçqurun kemangizga qaytib, safarni davom ettirasiz. Şu jihatdan kruizni "suzuvçi mehmonxona" deyiş mumkin: siz yangi şaharlarni kaşf etasiz, mehmonxonangiz esa siz bilan birga harakatlanadi.

Kemada nima qiliş mumkin?
Kema faqat uxlaş uçun joy emas. Zamonaviy kruiz laynerlarida restoran va kafelar, basseyn, fitnes zallari, spa, turli şou va konsertlar, musobaqalar hamda boşqa köngiloçar dasturlar böladi. Kimdir kun böyi basseynda dam olişni istaydi, boşqasi sport bilan şuğullanadi, yana kimdir restoran yoki konsertga boradi. Yaʼni safar davomida "kemada zerikib qolaman" degan xavotir har doim ham örinli emas.
Eng qiziği esa ertalab uyğonganingizda oyna ortida şahar emas, çeksiz dengizni körişingiz mumkin.


















