Avgust oyida “Oʻzbekneftgaz”ga qarashli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida roʻy bergan avariyalar oqibatida tabiiy gaz, gaz kondensati va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish kamaydi.

Kompaniya xabariga koʻra, mazkur avariyalar – 24-avgust kuni boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov oʻtkazgan majlisda “keskin muhokama qilingan”.

Qayd etilishicha, yil boshidan buyon olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida avgust oyida Gazli va Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida avariyaviy holatlar deyarli qayd etilmagan. Ammo qolgan boshqarmalarda avgust oyida yuz bergan avariyaviy holatlar oqibatida tabiiy gaz, gaz kondensati va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish kamaygan.

“Boshqaruv raisi avariyani bartaraf etishdan koʻra, uning oldini olishga ustuvor ahamiyat berish zarurligini taʼkidladi. Masʼullarga kelgusi oyda avariyaviy holatlarni keskin kamaytirish, havo sovib ketmasidan barcha profilaktik va taʼmirlash ishlarini yakunlash boʻyicha qatʼiy vazifalar berildi.

Abdugʻani Sanginov gaz qazib chiqarishdagi tabiiy tushishlarga qarshi koʻrilayotgan keskin choralar natijasida qoʻshimcha tabiiy gaz oqimlari olinib, oʻsish koʻrsatkichlariga erishilayotgan bir paytda boshqarmalarda sodir boʻlayotgan avariyaviy holatlar natijalarga salbiy taʼsir qilayotganini afsus bilan tilga oldi”, – deyiladi xabarda.

Yangi quduqlar

Maʼlum qilinishicha, 1–24-avgust kunlari 11 ta quduq ishga tushirilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda 8 ta quduqda burgʻilash ishlari yakunlangan va 7 tasi ishga tushirilgan. Natijada qoʻshimcha 1,7 mln kub metr kunlik gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratilgan.

“Bitta quduqda sanoat miqyosida gaz oqimi olinmadi, yana bir quduq sentabr oyi boshiga qoldiriladigan boʻldi. Uchta quduqdagi burgʻilash ishlarini esa belgilangan muddatlarda yakunlash boʻyicha mutasaddilar masʼuliyati oshirilib, aniq vazifalar berildi”, – deyiladi kompaniya xabarida.

Quduqlarni taʼmirlash

Xabarda aytilishicha, quduqlarni mukammal taʼmirlash ishlari boʻyicha natijalar ijobiy. 1–24-avgust kunlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan 8 ta quduqning barchasidan sanoat miqyosida gaz oqimi olingan. Rejadagi 235 ming kub metr oʻrniga qoʻshimcha 310 ming kub metr gaz olishga erishilgan.

Endi masʼullar oldida 21–31-avgust kunlari yana 11 ta quduqni ishga tushirish va qoʻshimcha 340 ming kub metr gaz olish vazifasi turibdi. Yigʻilishda ushbu quduqlardagi ishlar holati koʻrib chiqilib, belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya qilish topshirilgan.