Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bojxona idoralari xodimlari tomonidan Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Unda, oldindan tezkor kuzatuvga olingan Toshkent shahrida yashovchi shaxsning Sirdaryo tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, u yerda Tojikiston fuqarosi va Qashqadaryo viloyatida yashovchi yana bir fuqaro borligi maʼlum boʻldi.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, mazkur uch nafar shaxs muqaddam Tojikistondagi narkokurerlar tomonidan Jizzax viloyatining Yangiobod tumani hududidagi xufiya joyga yashirilgan narkotik moddalarni olib, ularni sotish va tarqatish uchun oʻzaro jinoiy til biriktirganliklari aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, xufiya joydan umumiy ogʻirligi 13 kg 653 gr opiy moddasi olinib, protsessual tartibda hujjatlashtirildi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






