29-avgustga oʻtar kechasi Kiyev viloyatining Bucha tumanidagi omborlarda Rossiya zarbasi va undan keyin oʻq-dorilarning portlashi (detonatsiyasi) oqibatida kamida 37 kishi halok boʻldi. Bu haqda Kiyev viloyati maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenko maʼlum qildi.

BBC nashrining yozishicha, yana kamida 42 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan, jabrlanganlar orasida toʻrt nafar bola bor. Halok boʻlganlarning aksariyati – 34 kishi qariyalar pansionatida boʻlgan.

2026-08-29 18.26.46
Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunday vaziyatlarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini bildirib, yuz bergan voqeani «portlovchi moddalarni toʻgʻridan toʻgʻri odamlarning yonida saqlaganlarning dahshatli eʼtiborsizligi» deb atadi.

«[Rossiya hujumi paytida] birinchi zarba u yerda mutlaqo boʻlmasligi kerak boʻlgan oʻq-dorilar saqlanadigan joyga – mudofaa kuchlarining zaxiralariga toʻgʻri keldi. Snaryadlar, minalar, boshqa oʻq-dorilar va dronlarning portlashi yuz berdi. Miqyos juda katta», deyiladi Zelenskiyning bayonotida.

2026-08-29 18.41.31
Foto: AP

Ukraina Harbiy-havo kuchlari maʼlumotiga koʻra, kechagi hujumda rossiyaliklar Ukraina boʻylab kemaga qarshi «Oniks» raketasi, «Iskander-M» ballistik raketasi, shuningdek, 267 ta zarbdor dron uchirgan. 29-avgust kuni tushga qadar ham «Shahed» dronlari Kiyev viloyatiga hujum qilishda davom etgan.

«Jinoiy beparvolik»

Ukraina rasmiylarining maʼlumotlariga koʻra, shanbaga oʻtar kechasi Bucha tumanining Milaya qishlogʻidagi korxonalardan birida Rossiya harbiylarining hujumi oqibatida koʻplab portlashlar sodir boʻlib, kuchli yongʻin boshlangan. Favqulodda vaziyat zonasidan 400 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Portlashlar sababli Jitomir trassasining 15-kilometridan 32-kilometrigacha boʻlgan qismida harakat butunlay toʻxtatilgan.

2026-08-29 18.41.37