Kuchli yomgʻirlar ortidan yuzaga kelgan toʻsatdan toshqin 29-avgust kuni Grand-Kanonda milliy bogʻining Brayt-Enjel kanoni va Fantom-Ranch hududlariga jiddiy zarar yetkazdi. Suv oqimi yirik toshlar, metall konstruksiyalar va boshqa chiqindilarni Kolorado daryosiga oqizib ketgan.
AQSH Milliy parklar xizmati maʼlumotiga koʻra, dastlab 20 dan ortiq kishi bedarak yoki ular bilan aloqa oʻrnatilmagan shaxslar sifatida qayd etilgan. Keyingi maʼlumotlarda esa rasmiylar 15 nafar kishining qayerdaligini aniqlashga urinayotgani bildirildi.
Shu bilan birga, ularning barchasi bevosita toshqin oqibatida bedarak yoʻqolgani hozircha tasdiqlanmagan. Ayrimlar xavfsiz joyda boʻlishi, ammo ular bilan aloqa oʻrnatilmagan boʻlishi mumkin.
Milliy park maʼmuriyati 29-avgust kuni Brayt-Enjel-Krik boʻylab, Shimoliy Kaybab yoʻlida, Brayt-Enjel kempingi, Fantom-Ranch yoki uning shimolidagi The Box deb ataluvchi hududda boʻlgan sayyohlar haqida maʼlumotga ega kishilardan qutqaruv xizmatlariga murojaat qilishni soʻragan.
Toshqindan keyin kamida 62 kishi havo orqali evakuatsiya qilingan. Qutqaruv ishlariga Milliy parklar xizmati xodimlari bilan birga Arizona jamoat xavfsizligi departamenti ham jalb qilingan.
Suv oqimi Brayt-Enjel-Krik ustidagi deyarli barcha piyodalar koʻpriklarini vayron qilgan. Natijada soyning bir qirgʻogʻidan ikkinchisiga piyoda oʻtish imkoni qolmagan. Toshqin yoʻllar, koʻpriklar va boshqa turistik infratuzilma obyektlariga ham jiddiy zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, ofat milliy bogʻdagi turistlar va doimiy yashovchilarni suv bilan taʼminlaydigan asosiy quvurga ham shikast yetkazgan. Shu sabab park maʼmuriyati suvni tejashga chaqirgan, turistlar uchun ayrim mehmonxona va yotoq joylaridan foydalanish cheklangan.
Fantom-Ranch, Brayt-Enjel kempingi va Shimoliy Kaybab turistik yoʻli keyingi xabarga qadar yopilgan. Kolorado daryosiga metall konstruksiyalar va boshqa yirik chiqindilar tushgani sababli daryoda harakatlanish va rafting ham vaqtincha toʻxtatilgan.
Meteorologik maʼlumotlarga koʻra, kuchli yogʻingarchilik juda qisqa vaqt ichida tushgan. Tik qoyalar va balandlikning keskin oʻzgarishi suvning pastga katta tezlikda oqib tushishiga sabab boʻlib, toʻsatdan kuchli sel oqimini yuzaga keltirgan.
Hududda yana kuchli yomgʻir va momaqaldiroq boʻlishi prognoz qilingani uchun yangi toshqinlar, sel va tosh koʻchishi xavfi saqlanib qolmoqda. Sayyohlardan yopilgan hududlarga kirmaslik va qutqaruv xizmatlari koʻrsatmalariga amal qilish soʻralgan.



