Xitoy hukumati avtomobil ishlab chiqaruvchilarini ichki tekshiruvlar davomida mashinalardagi nuqsonlarni sinchkovlik bilan aniqlashga va har qanday kamchilik aniqlanganda avtomobillarni qaytarib olish kampaniyasini oʻtkazishga majbur qildi. Bu haqda Reuters agentligi Xitoy nazorat qiluvchi organlari bayonotiga tayanib xabar berdi.

Bir yillik dastur doirasida avtokonsernlar oʻz mashinalarining sifati va ishonchliligini puxta tekshirishi, shuningdek, yangi texnologiyalarni bozorga chiqarishdan oldin xavfsizligini sinovdan oʻtkazishi kerak boʻladi. Shuningdek, hukumat haydovchiga yordam berish tizimlari va avtopilot ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qildi.

Kompaniyalarning kiberhimoya, maʼlumotlarni saqlash va shu kabi sohalardagi imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Avtomobil ishlab chiqaruvchilar ichki tekshiruvlar natijalarini 2026-yil oxirigacha mahalliy hokimiyat organlariga taqdim etishi shart.

Agar oʻz-oʻzini tekshirish jarayonida ishlab chiqaruvchi xavfsizlikka tahdid soladigan nuqsonni aniqlasa, u holda kechiktirmasdan nazorat organiga avtomobillarni qaytarib olish rejasini taqdim etishi va ixtiyoriy kampaniya tashkil qilishi shart. Mahalliy hokimiyat organlari esa, oʻz navbatida, brendlar ustidan nazoratni kuchaytirishi lozim.