2-sentabrdan Özbekistondagi 10 225 ta umumtaʼlim maktabida 2026/2027 öquv yili boşlandi. Bu yil 795 mingdan ortiq öğil-qizlar birinçi sinfga qadam qöydi. Kun.uz muxbiri poytaxtdagi maktablardan birida bölib, öqişning birinçi kunidan reportaj tayyorladi.
Maktabgaça va maktab taʼlimi maʼlumotlariga köra, Özbekistondagi maktablarda 2026/2027 öquv yilida 550 mingdan ziyod öqituvçi-pedagog 6,7 mlndan ortiq öquvçiga taʼlim-tarbiya beradi.
«Bolam maktabga çiqyapti-yu, xuddi men çiqqanday bölyapman», - deydi farzandini birinçi sinfga olib kelgan ona. U farzandi maktabda puxta bilim olişi, yaxşi tarbiya topişi va kelajakda yetuk inson bölib kamol topişini kutayotganini taʼkidladi.
«Bugun uçinçi nabirami ham maktabga olib keldim. Öğlim ham şu maktabni tamomlagan. Nabiram yaxşi öqib, bilimli bölib, kelajakda yurtimizga naf keltiradigan inson bölişini xohlayman», - deydi nabirasini birinçi sinfga olib kelgan buvi.
11-sinf öquvçilari uçun bu kun bolalikdan katta hayotga ötiş arafasidagi sönggi bosqiçning boşlanişi böldi.
«Oxirgi yil, boşqa bu joylarni körmayman. Oxirgi marta körayotganim uçun boşqaça kayfiyat böldi. Ötgan yili baʼzi fanlardan 3–4 baho olganman. Bu yil bundan xulosa çiqarib, baholarimni yaxşilamoqçiman. Iqtisod sohasini tanlamoqçiman, şuning uçun matematika va ingliz tilini köproq örganyapman», - deydi bitiruvçi sinfiga ötgan öquvçi.
Maktabda 28 yildan beri işlab kelayotgan boşlanğiç sinf öqituvçisi esa bugungi öquvçi bilan işlaş yondaşuvi ham özgarganini aytadi. Uning sinfida 35 nafar bola bor va ularning har biri alohida xarakterga ega.
«Maktabimizda hozir ikki-uç yildan beri inklyuziv bolalarimiz ham öqişmoqda. Ular bilan alohida işlaşimizga töğri keladi. Bu bolalarni sinfdagi boşqa öquvçilar bilan tenglaştirişga harakat qilamiz va birgalikda sinfdagi muhitni yaxşi tomonga özgartiramiz. Bolalarga keladigan bölsak, har bir bola özgaça bir olam. Hozirgi bolalarimiz texnika asrida ulğaymoqda. Ular ÇatGPT’dan foydalanayotganini aytişdi. Bu ham bolalarimizning ösişiga, yuksalişiga ança yordam beradi. Biz buni maqsadli yönaltirib berdik va qanday usullarda foydalaniş kerakligini tuşuntirdik», - deydi pedagog.






