Sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlarni haqiqiy fotosurat deb qabul qilish holatlari koʻpaygan bir paytda, avstraliyalik fotograf Mett Dikin bilan buning aksi sodir boʻldi. U olgan haqiqiy tabiat suratini bir necha kishi SI generatsiyasi deb oʻylagan.

Dikinning mazkur ishi yakunda Australian Geographic Nature Photographer tanlovida bosh mukofotni qoʻlga kiritdi. Fotosuratchining aytishicha, noyob kadr oldindan rejalashtirilmagan va deyarli tasodifan olingan.

U oʻsha paytda dron yordamida soʻnib borayotgan quyosh nurlari sayoz rifni qanday yoritayotganini tasvirga olayotgan boʻlgan. Dronni yaqinlashtirganida esa suvda dengiz toshbaqalari guruhi tomon suzib kelayotgan yashil arraburun baliqni koʻrib qolgan.

Fotosuratchi shu lahzani yuqoridan tasvirga olishga muvaffaq boʻlgan. U suratga Ethereal Encounter - taxminan «Gʻayrioddiy uchrashuv» deb nom bergan.

Qizigʻi, Dikin bu kadrni olishga ulgurmay qolishiga sal qolgan. Suratga olish paytida dron akkumulyatori tugab borayotgan edi. Qurilma yerga qoʻndirilganida uning quvvati atigi 3 foiz qolgan.

Suratdagi kompozitsiya va dengiz jonzotlarining joylashuvi shu qadar gʻayritabiiy koʻringanki, baʼzi odamlar uni sunʼiy intellekt generatori yordamida tayyorlangan deb hisoblagan.

Dikinning aytishicha, bunday fikrlar uni xafa qilmagan. Aksincha, fotograf surat haqiqatan ham norealdek koʻrinishini tan olgan.

Fotograf ushbu ishini tanlovning yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlarga bagʻishlangan yoʻnalishida taqdim etgan. Suratda aks etgan yashil arraburun ham yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar qatoriga kiradi.

Janubiy Avstraliya muzeyi oʻtkazadigan tanlovga taqdim etiladigan barcha ishlar Avstraliya, Yangi Zelandiya, Antarktida yoki Yangi Gvineya tabiati bilan bogʻliq boʻlishi kerak.