DW xabariga koʻra, Mangʻistau viloyati maʼmuriyati fojia haqida 24-sentabr kuni maʼlum qilgan.

Ob-havo sharoiti keskin yomonlashib, shamol kuchayishi oqibatida 17 nafar harbiyni dengizga olib ketgan. Ularning uch nafari qutqarilgan, 12 nafari halok boʻlgan.

Hodisadan keyin tibbiyot muassasasiga yetkazilgan harbiy xizmatchining ahvoli barqaror ekani, hayotiga xavf yoʻqligi bildirilgan.

Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Qanat Bozumbayev hukumat komissiyasi yigʻilishini oʻtkazgan. Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Sanjar Adilovning maʼlum qilishicha, ogʻir oqibatlarga olib kelgan xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlish va kema boshqarish qoidalarini buzish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hodisaga aybdor shaxslarni aniqlash maqsadida tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari, shuningdek, ekspertizalar oʻtkazilmoqda.

Rasmiylar halok boʻlgan harbiylarning oilalariga ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatilishini maʼlum qilgan.

«Kaspiy mudofaasi - 2026» mashgʻulotlari 22-sentabrdan buyon oʻtkazilmoqda. Unda 500 nafardan ortiq harbiy, jumladan, jangovar kemalar ekipajlari va qirgʻoq boʻlinmalari ishtirok etmoqda.

Mashgʻulotlarga Milliy xavfsizlik qoʻmitasi Chegara xizmatining Mangʻistau viloyati boʻyicha qirgʻoq qoʻriqlash kuchlari va vositalari, shuningdek, Qozogʻiston Qurolli kuchlarining Havo mudofaasi kuchlari ham jalb qilingan. Ularning maqsadi jangovar shaylik va kuchlar oʻrtasidagi hamkorlik darajasini oshirishdan iborat.