Shavkat Mirziyoyev Kaspiy dengizi hududida mashgʻulotlar paytida harbiy xizmatchilar halok boʻlgani munosabati bilan Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev va Qozogʻiston xalqiga hamdardlik yoʻlladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Davlat rahbari halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik tiladi.

24-sentabr kuni Qozogʻiston gʻarbidagi Mangʻistau oblastida mamlakat harbiy-dengiz kuchlari mashgʻulotlari vaqtida 17 nafar harbiy xizmatchi kuchli shamol tufayli Kaspiy dengiziga oqib ketgan.

Qozogʻiston mudofaa vazirligi ushbu fojiaga oʻquv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida ob-havo sharoiti toʻsatdan keskin yomonlashishi oqibatida yuz berganini maʼlum qilgan. Bu vaqtda sohilga desant tushirish boʻyicha mashgʻulot oʻtkazilayotgandi, kuchli shamol va toʻlqin harbiylarni dengiz ichkarisiga olib ketgan.

Harbiylardan uch nafari qutqarib qolingan, qidiruv-qutqaruv amaliyoti 25-sentabr tongiga qadar davom etgan, suvdan 14 nafar harbiy xizmatchining jasadi olib chiqilgan.

Halok boʻlgan harbiylardan 12 nafari – muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar boʻlgan, qurbonlar orasida bir leytenant va bir serjant ham bor.

Vazirlik halok boʻlgan harbiylarning oilalariga zarur boʻlgan yordam koʻrsatilishini maʼlum qilgan.

25-sentabr Qozogʻistonda halok boʻlgan harbiylar xotirasi uchun motam kuni deb eʼlon qilingan.