Kaspiy dengizidagi mashgʻulot chogʻida 14 nafar harbiy choʻkib ketishi ortidan Qozogʻiston mudofaa vaziri Dauren Kosanov ishdan olindi. Prezident Qosim Joʻmart-Toʻqayev tegishli farmonni imzolagan.
«Davlat rahbarining farmoni bilan Dauren Jumatayevich Kosanov Qozogʻiston Respublikasi mudofaa vaziri lavozimidan ozod etildi», – deyiladi prezident saytida eʼlon qilingan xabarda.
Kosanov 2025-yil yozidan buyon Qozogʻiston mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
24-sentabr kuni Qozogʻiston gʻarbidagi Mangʻistau oblastida mamlakat harbiy-dengiz kuchlari mashgʻulotlari vaqtida Kaspiy dengizi sohilida ob-havo keskin yomonlashib, kuchli shamol koʻtarilgan, natijada 17 nafar harbiyni kuchli toʻlqin olib ketgandi. Ulardan faqat uch nafari qutqarib qolingan, suvdan 14 kishi jasadi olib chiqilgan.
Qozogʻiston Bosh prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatdi. Koʻp oʻtmay besh kishi – harbiy-dengiz kuchlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari, ikkita harbiy qism komandiri, piyodalar rotasi boshligʻi hamda kater komandiri hibsga olindi. Ularga nisbatan xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlish ogʻir oqibatlarga olib kelgani hamda kemani boshqarish qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq moddalar boʻyicha tergov olib borilmoqda. Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi yana hibslar boʻlishini istisno etmagan.

















