Oʻyin tinch kechmasligi oldindan maʼlum edi.
Isroil – Irlandiya 0:3
Gollar: Perrott, 13 (0:1). Ida, 16 (0:2). Moylan, 25 (0:3)
Isroil: D. Perets, Shlomo, Stoinov, Revivo (Fayngold, 83), Mizrahiy, E. Perets, Kanichovski (Azulay, 64), Solomon, Halayliy (Dasa, 76), Gluh, Turgeman (Toklomati, 64)
Irlandiya: Kelleher, Brayen, Kitching, OShi, Molumbi (Began, 88), Koventri, Menning, Abankva (Nayt, 69), Ida (Fillips, 69), Moylan (Kennon, 69), Perrott (Vata, 76)
Ogohlantirishlar: Shlomo, 59 - Ida, 59. Koventri, 89
Millatlar ligasi guruh bosqichining ikkinchi turi doirasida Isroil va Irlandiya oʻrtasida Vengriyaning Debretsen shahrida (Isroil uch yildan buyon xuddi Ukraina kabi milliy jamoa oʻyinlarini xorijda oʻtkazib kelmoqda) oʻtkazilgan oʻyin kutilganidek mojaroli kechdi: futbolchilar oʻyindan oldin oʻzaro qoʻl berib salomlashishdan bosh tortdi, ramziy norozilik aksiyasi bildirildi va tanaffusgacha hisob yirik koʻrinish oldi.
Irlandlar isyoni
Maydondagi dushmanlik muhiti hakamning oʻyin boshlangani haqidagi hushtagini chalishidan ancha oldinroq, jamoalar anʼanaviy qoʻl berib koʻrishish marosimini oʻtkazishdan bosh tortganidayoq yuzaga keldi. Jamoalar oʻrtasida bayroqchalar (vimpel) almashinuvi ham boʻlmadi.
Qolaversa, irlandiyalik futbolchilar maydonga motam bogʻichlarini bogʻlab chiqishdi, mahalliy futbol assotsiatsiyasidagilar izoh berishicha, bu bogʻichlar Gʻazodagi harbiy harakatlar chogʻida halok boʻlgan barcha falastinliklarni xotirlash ramzidir.

Bundan tashqari, Isroil madhiyasi ijro etilayotganida irlandiyalik futbolchilarning barchasi boshini namoyishkorona tarzda egib olishdi. Shuningdek, ikki jamoa sardorlari Dara OʼShi va Manor Solomon ham oʻyinni kim boshlab berishini aniqlash marosimidan keyin bir-biriga qoʻl bermadi.
Oʻyin boshlanishi bilan Irlandiya darhol tashabbusni qoʻlga oldi. Birinchi boʻlim oʻrtalaridan oʻtgandayoq oʻyin taqdiri hal boʻldi. Birinchi gol 14-daqiqada urildi, ikki daqiqa oʻtib irlandlar yana bir bor darvozani ishgʻol etishdi. Koʻp oʻtmay hisob yirik koʻrinishga keldi va Irlandiya tanaffusga uchta toʻp farqi bilan yoʻl oldi.



















